O‘zbekiston Sudochye ko‘llar tizimini xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq hududi deb belgiladi. Bu haqda "Ramsar" konvensiyasi rasmiy saytida maqola chop etildi.
Maqolada Sudochyening 1960-yillarda dunyodagi to'rtinchi yirik ko'l hisoblangan Orol dengizining ko'rfazi bo'lganligi ta'kidlangan. Shuningdek, ko'l hududida zich qamishzorlar, butalar, shoʻrxoklar va saksovullar mavjudligi, qolaversa, yo'qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvonlar yashashi qayd etilgan.
"Mahalliy va xorijlik sayyohlar ko‘lning Orol dengizi bilan tarixiy bog'liqligini o'rganish va aholi punkti qoldiqlarini ko‘rish uchun kelishadi. Mahalliy aholi esa ko'ldan baliq ovlash, chorva uchun ozuqa hamda qurilish materiallari uchun qamish yig'ish maqsadida foydalanadilar", — deyiladi maqolada.
Shuningdek, qurg'oqchilik Sudochye oldida turgan asosiy muammolardan biri sifatida ta'kidlangan.
Ma'lumot uchun, Sudochye joriy yilning may oyida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan "Ramsar" suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritilgan O'zbekistonning 4-obyektiga aylandi. Bunga qadar Dengizkoʻl 2001-yilda, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi 2008-yilda va Toʻdakoʻl hamda Quymazor suv omborlari 2020-yilda "Ramsar" ro‘yxatidan joy olgan.