COP28: Osiyo davlatlari ekologiya vazirlari Dubaydagi O‘zbekiston Respublikasi milliy pavilyoni bilan tanishishdi
04.
12. 2023
20:45
2327
Янгиликлар

Dubayda boʻlib oʻtayotgan BMT iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 28-sessiyasi doirasida Ozarbayjon Respublikasi ekologiya va tabiat resurslari vaziri Muxtar Babayev, Qozog‘iston Respublikasi ekologiya va tabiat resurslari vaziri Yerlan Nysanbayev va Qirg‘iziston Respublikasi tabiat resurslari, ekologiya va texnik nazorat vaziri Melis Turg‘unboyev O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida O‘zbekiston milliy pavilyoniga tashrif buyurishdi.

Tashrif chog‘ida qardosh mamlakatlar ekologiya vazirlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, “Yashil makon” loyihasi doirasida Orol dengizi tubini va hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish, Parij kelishuvi majburiyatlarini bajarish, uglerod neytralligiga erishish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, uning oqibatlari va xatarlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishishdi.

Shuningdek, yashil kun tartibini ilgari surish bo‘yicha hamkor hisoblangan Global Yashil o‘sish instituti (GGGI) bosh direktori F.Rijsberman va vazirlar o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda GGGI bosh direktori qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish orqali mamlakatlarning yashil iqtisodiyot tamoyillariga bosqichma-bosqich oʻtishlari uchun zarur yordam koʻrsatishga tayyorligi va bundan manfaatdor ekanligini bildirdi. 

O‘z navbatida vazirlar Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston rahbarlarining IHT (Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti), TDT (Turkiy davlatlar tashkiloti), BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi va boshqa nufuzli platformalar doirasidagi mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha siyosiy irodasini alohida taʼkidladilar, bunda atrof-muhit muammolari va iqlim oʻzgarishi xalqaro hamkorlikni shakllantirishda muhim rol oʻynaydi.

Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlarida ekologiya sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash uchun istiqbolli platforma bo‘lgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Central Asian Green University) ochilishi borasida ijobiy fikrlar bildirildi.

Ta’kidlash joizki, vazirlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning qardosh mamlakatlar uchun ekologik faoliyatning mintaqaviy sharhini ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar Samarqandda 2024-yilning 12–17-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishi va Birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi (2024-yil mart)ga taklif etildi.

Фойдали манбалар