COP28: Milliy moslashuv rejalarini amalga oshirishga qaratilgan yuqori darajadagi uchrashuv tashkil etildi
09.
12. 2023
13:51
4692
Янгиликлар

COP28 — BMT iqlim konferensiyasi doirasida Milliy moslashuv rejalarini (MMR) amalga oshirishga bag‘ishlangan yuqori darajada tadbir o‘tkazildi. 

Unda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasi  (UNFCCC) Ijrochi direktori Saymon Still, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotib o‘rinbosari, eng kam rivojlangan mamlakatlar, dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar va rivojlanayotgan kichik orol davlatlari bo'yicha boshqarmasi oliy vakili Rabab Fatima xonim, Chad Atrof-muhit, baliqchilik va barqaror rivojlanish vaziri Mahamat Abdelkerim Xanno,  Zambiya Yashil iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Kollinz Nzovu va boshqalar ishtirok etdi. 

Tadbirda nutq so‘zlagan A. Abduhakimov O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha samarali moslashuv bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish tarafdori ekanligini bildirdi. Shuningdek, Konvensiya kotibiyati bilan MMRni ishlab chiqishda resurslarni jalb qilish va texnik yordam ko'rsatish istiqbollari muhokama qilindi.

Asosiy maqsad mamlakatlar, jumladan, kam rivojlangan davlatlar, rivojlanayotgan kichik orol davlatlari va boshqa zaif mamlakatlarga iqlim o‘zgarishiga moslashishga yordam beradigan g‘oyalar va strategiyalarni aniqlashga qaratildi. Shuningdek, iqlim barqarorligiga erishish uchun transformatsiya va uni amalga oshirishni jadallashtirishning asosiy jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. 

UNFCCC Ijrochi kotibi Saymon Still iqlim barqarorligiga erishish uchun MMR muhim ekanligini ta'kidladi. Boshqa davlatlar vazirliklari rahbarlari ham asosiy moslashuv masalalari bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini bildirdilar. Muhokamalarda asosiy e'tibor mablag'lardan uzoq muddat foydalanish imkoniyatlariga qaratildi.

Rabab Fotima xonim o‘z nutqida 2024-yil iyun oyida Ruandaning Kigali shahrida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan BMTning Uchinchi Konferensiyasida Milliy moslashuv rejalari va mintaqaviy hamkorlik kabi tashabbuslarni ilgari surish lozimligini qayd etdi. Zambiya Yashil iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Kollinz Nzovu esa MMRni rivojlanish strategiyalariga integratsiyalash uchun salohiyatni oshirish lozimligini ta'kidlab, taklif etilayotgan mexanizmlar va xavflarni baholashni soddalashtirishni taklif qildi. 

Tadbir yakunida BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan 30 ta davlatda Milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqish qo‘llab-quvvatlanishi borasida kelishuvga erishildi.

Фойдали манбалар