Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyo‘l tumanlaridagi issiqxonalar faoliyati o‘rganilmoqda
23.
01. 2024
16:52
1328
Янгиликлар

Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyo‘l tumanlarida joylashgan issiqxonalar faoliyati o‘rganilmoqda.  

Maqsad Toshkent shahri atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani, shuningdek, yuqoridagi hududlarda atmosfera havosini sezilarli yomonlashgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli murojaatlar  yuzasidan ekologik monitoring o‘tkazishdir.

Ta'kidlash joizki, koʻmirdan foydalanadigan issiqxonalar atmosfera havosi ifloslanishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Oxirgi besh yilda iqtisodiyotda koʻmir isteʼmolining oʻsish surʼati 22 foizdan oshdi. Agar 2018-yilda 6,8 million tonna ko‘mir ishlatilgan boʻlsa, 2022-yilda bu raqam 8,3 million tonnadan ortdi. 

Monitoring davomida issiqxonalarda foydalanilayotgan yoqilg‘i turlari, yoqish qurilmalarining holati to‘liq xatlovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, issiqxonalarga berilgan davlat ekologik ekspertizasining xulosalarida belgilangan me’yorlarga rioya etilganligi o‘rganilmoqda. 

Shu bilan birga,  issiqxonalarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy tashlanma manbalardan hosil bo‘ladigan ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari o‘rnatilganligi ham tekshirilmoqda.

Qolaversa, har bir issiqxonaga qonuniy tartibda faoliyat ko‘rsatish lozimligi, aks holda tegishli choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilmoqda.

Monitoring 31-yanvargacha davom etadi.

Фойдали манбалар