Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining axboroti tinglandi
30.
01. 2024
21:46
3235
Янгиликлар

30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida navbatdagi parlament eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining sabablari, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berdi. 

Vazir “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida atrof-muhit muhofaza qilishga doir qator vazifalar belgilanganini, Prezident tomonidan oxirgi 2-3 oyda ekologiya sohasidagi muammolar yechimiga qaratilgan qator qaror va farmonlar qabul qilinganini alohida ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 23-noyabrda “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 199-sonli Farmon, 2024-yil 4-yanvarda “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 5-sonli Farmon, 2024-yil 12-yanvarda “Oʻzbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 21-sonli qaror hamda 2024-yil 17-yanvarda “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi.

Aziz Abduhakimov Toshkent shahri atmosferasi ifloslanishiga sabab bo‘layotgan holatlarni keltirib o‘tdi. Xususan, antropogen omillar — shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilishlarning jadal amalga oshirilayotgani, qurilishlar sababli moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan daraxtlarning kesilishi, “Yevro 4” ekologik standarti talablariga javob bermaydigan (AI-80) yoqilg‘idan foydalanayotgan mashinalarning me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarayotganligi atmosferaning ifloslanishiga sabab bo’layotgani qayd etildi.  

“Toshkent shahrida 2022-yilda 715 ming avtotransport vositasi harakatlangan va natijada atmosfera havosiga 403,0 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlangan. 2023-yilda esa poytaxtda harakatlangan avtotransport vositalari soni 8 foizga ortib, 775 mingtani tashkil etgan. Natijada atmosfera havosiga 435,0 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlangan”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Vazir, shuningdek, 2019-yilda 3,9 mln tonna, 2022-yilda 5,3 mln tonna, 2023-yilda esa 6,7 mln tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgani, bu ham atmosfera havosiga katta zarar keltirganligini aytib o‘tdi. 

“10 tonna koʻmir yoqilgʻisi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kg qurum, 360 kg oltingugurd II oksidi, 64 kg uglerod oksidi, 16 kg azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi chiqariladi. Bu raqamlarning o‘ziyoq ko‘mirning zarari qanchalik katta ekanligini ko‘rsatib turibdi”, — dedi vazir.

Bundan tashqari, vazir ekologiyani yaxshilash borasida qilingan ishlarga alohida to‘xtaldi. Xususan:

— 2022-yil 1-yanvardan “Yevro-4” ekologik talablariga javob bermaydigan benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan transport vositalarini olib kirish taqiqlandi;
—  oxirgi ikki yilda 3 150 km temir yoʻl uchastkalari elektrlashtirilib, teplovozlar oʻrniga elektrovozlardan foydalanish yoʻlga qoʻyildi; 
— “Toza havo” oyligi davomida 2023-yilda 319 mingta avtotransport vositalari nazoratdan oʻtkazilib, meʼyorlarga javob bermaydigan 8 ming 600 ta transport vositasidan foydalanish vaqtinchalik taqiqlandi;
— 2023-yilda 147 ta sanoat korxonasidagi chang-gazlarni tutib qoluvchi 716 ta uskuna modernizatsiya qilinib, atmosfera havosiga 10 ming tonnadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar tashlanishining oldi olindi; 
— “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida atmosfera havosidagi mayda dispersli zarralarni oʻlchovchi Yaponiyaning “Horiba” rusumli 2 ta avtomatik stansiyasi oʻrnatildi;
— “Yashil makon” doirasida 416 mln tupdan ortiq daraxt va buta koʻchatlari ekildi; 
— 588 gektar “yashil bogʻlar”, 662 gektar “yashil jamoat parklari”, Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch shaharlari atrofida jami 40 km masofada “yashil belbogʻ”lar barpo etildi; 
— Oʻtgan yilning kuz mavsumida atrof-muhitga taʼsiri yuqori boʻlgan 189 ta sanoat korxonasi atrofida 2 million 300 ming tup koʻchatlar ekilib, “yashil belbogʻ”lar tashkil qilindi.

Shuningdek, vazir ekologik vaziyatni yaxshilash borasida quyidagi kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini qayd etdi:

—  “Yevro-4” standartidan (AI-80 rusumli benzin) past ekologik toifadagi motor yoqilgʻidan foydalanishni taqiqlash; 
— Tirbandlikni kamaytirish va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahrida kunning tigʻiz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) yuk tashish uchun moʻljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq transport vositalarining harakatini cheklash; 
— Shaharning diqqatga sazovor markaziy koʻchalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish; 
— Jamoat transportini toʻliq elektr va gaz yoqilgʻisiga oʻtkazish, shuningdek, yoʻl infratuzilmasini tashkil etish; 
— Barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy eʼlon qilish; 
— Toshkent viloyatining Toshkent shahriga tutash tumanlarida sanoat maqsadlari koʻmir yoqilgʻisidan foydalanishni taqiqlash; 
— Issiqlik markazlarida zaxira yoqilgʻisi sifatida mazutdan foydalanishni keskin taqiqlash;  
— Ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari koʻchishini oldini olishga qaratilgan Toshkent shahri atrofida “yashil belbogʻ”lar barpo etish.

Hisobotdan soʻng vazir deputatlarning ekologik holatga doir savollariga javob qaytardi.

Фойдали манбалар