– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida» 2017-yil 21-apreldagi PF-5024-son Farmoni.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017-yil 21-apreldagi PQ-2915-son Qarori.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2019-yil 15-yanvardagi № 29-son Qarori.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018-yil 3-oktyabrdagi PQ-3956-son Qarori.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-76-son qarori.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2023-yil 31-maydagi PF-81-son Farmoni.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qarori.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
EKOLOGIYa VA ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISh SOHASIDA DAVLAT BOShQARUVI TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘lig‘iga zararli ta’sirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvi;
atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va alohida ob’ektlar muhofaza qilinishini, ekologik sharoitning sog‘lomlashtirilishini ta’minlash;
chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta’sirchan tizimni tashkil etish;
er, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratni o‘rnatish;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash borasida yagona siyosatni amalga oshirishga oid amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, shuningdek, yovvoyi hayvonlarni, yovvoyi o‘simliklarni ko‘paytirish va saqlash pitomniklarini, zoologiya va botanikaga oid kollektsiyalarni davlat tomonidan ro‘yxatga olish;
ekologik tarbiya, targ‘ibot va ta’limni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tarkibida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitalari negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari tashkil etilsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisi va rais o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga va tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisobot beradilar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining shartnomalari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan va normativ-huquqiy xarakterga ega bo‘lgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, mulkchilik shakllari va idoraviy bo‘ysunishidan qat’iy nazar, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun, shu jumladan, chiqindilar bilan bog‘liq ishlar sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun aybdor shaxslarni o‘rnatilgan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish huquqiga egadir.
6. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi markaziy apparati tarkibida Chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish inspektsiyasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining apparatlarida Inspektsiyaning hududiy bo‘linmalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzurida «Toza hudud» davlat unitar korxonalari va shaharlarda hamda respublika tumanlarida tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining maishiy chiqindilarni tashib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchastkalari negizida ularning filiallari tashkil etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Hayvonot va o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish respublika inspektsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspektsiyasi etib qayta tashkil etilsin, uning hududiy inspektsiyalari tuzilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Adliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida tabiatni muhofaza qilish respublika va hududiy jamg‘armalari negizida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasini tashkil etish, uning mablag‘larini, birinchi navbatda, atrof-muhitni muhofaza qilish, shu jumladan, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, bioresurslarni saqlash va qayta tiklash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va uning monitoringi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish, targ‘ibot va ta’lim ishlarini tashkil etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, shuningdek, Davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni amalga oshirish bilan aloqador boshqa maqsadlarga yo‘naltirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va «2017 — 2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari loyihasini kiritsin, Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish va muvofiqlashtirish Respublika komissiyasi tuzilishini nazarda tutsin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonun loyihalarini ikki hafta muddatda kiritsin:
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80 va 93-moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»;
chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima sanktsiyalari miqdorlarini oshirishni nazarda tutib, fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»;
keng tarqalgan foydali qazilmalarni qazib olishning belgilangan tartibini buzganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan «O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi va «Er osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida».
10. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOEV
Toshkent sh.,
2017 yil 21 aprel,
PF-5024-son