Nizom

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

DAVLAT ORGANLARI HUZURIDA JAMOATChILIK KENGAShLARI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

(2018 yil 4 iyul, PQ-3837-son)
 


 

O‘zbekiston Respublikasi
Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining
2022 yil “13” yanvardagi 12-son buyrug‘iga 1-ilova
 

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi to‘g‘risida 
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda - Davlat ekologiya qo‘mitasi) huzuridagi Jamoatchilik kengashining (keyingi o‘rinlarda - Kengash) asosiy vazifalari, funktsiyalari, vakolatlari va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Kengash o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengashi organi hisoblanadi.

3. Kengash Davlat ekologiya qo‘mitasining markaziy apparati huzurida tashkil etiladi va uning faoliyati mazkur davlat organining barcha hududiy bo‘linmalari hamda tasarrufidagi tashkilotlariga tatbiq etiladi.

4. Kengashning tarkibi Jamoatchilik palatasi bilan kelishilgandan so‘ng davlat organi rahbarining qarori bilan har 2 yilda tasdiqlanadi.

5. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

6. Kengash jamoat nazoratining maslahat sub’ekti hisoblanadi.

7. Kengashning qarorlari tavsiyaviy xarakterga ega.

8. Kengash faoliyatining maqsadi mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat va jamiyat o‘rtasida ta’sirchan hamda samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning mustahkam mexanizmlarini rivojlantirish, ekologik faoliyatning ochiqligi va shaffofligini, NNT va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlash, shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarishdir. 

2-bob. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari, funktsiyalari, huquqlari va majburiyatlari

9. Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, Davlat ekologiya qo‘mitasi zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funktsiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

Ekologik holati og‘ir hududlarda, sanoat korxonalarda sayyor yig‘ilishlar tashkil etib, u yerdagi muammolarni o‘rganish, keng jamoatchilik e’tiborini jalb etish, hamkorlikda ekologik reydlarni tashkil etish;

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish aktsiyalarini tashkil etish;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatiga nisbatan bildirilgan tanqidlarni joyiga chiqib birgalikda o‘rganish hamda Kengash nomidan munosabat bildirish;

birgalikda muloqot qilish, Davlat ekologiya qo‘mitasining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun Davlat ekologiya qo‘mitasi fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarish;

nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kelib tushgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni umumlashtirish va baholash;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari, “yo‘l xaritalari” va loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

10. Kengash o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni bajaradi:

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat organiga tegishli takliflar kiritadi;

Davlat ekologiya qo‘mitasining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatiga taalluqli uning normativ-huquqiy hujjatlari va qarorlarini takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan takliflarni Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlari o‘rtasida muhokama qilishga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishda qatnashadi;

davlat dasturlari loyihalarini, tadbirlar rejalarini va davlat organi faoliyatiga taalluqli, shu jumladan korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda vakolatlari doirasida ishtirok etadi, bajarilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiladi, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

Davlat ekologiya qo‘mitasi rahbarlari va xodimlarining fuqarolar bilan uchrashuvlarini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishda, shu jumladan joylarga borib tashkil etishda qatnashadi, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazadi;

mamlakatda va xorijda keng jamoatchilikni Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni ta’minlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.

11.Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun:

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

Davlat ekologiya qo‘mitasi, jumladan uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlarining binolari (xonalari) va boshqa ob’ektlarini davlat organi tomonidan belgilangan tartibda borib ko‘rish;

Davlat ekologiya qo‘mitasi, uning hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlari rahbarlariga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan Davlat ekologiya qo‘mitasining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

Davlat ekologiya qo‘mitasining qonun ijodkorligi faoliyatida, ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;

jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferentsiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. 

12. Kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda:

jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;

Davlat ekologiya qo‘mitasi va uning mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;

Davlat ekologiya qo‘mitasi va uning mansabdor shaxslari faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qilmasligi;

fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart.

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

3-bob. Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi

13. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari kiradi.

14. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, Davlat ekologiya qo‘mitasi namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi;

jamoatchilik kengashlarining umumiy a’zolari soni 15 nafardan kam bo‘lmasligi zarur;

15. Jamoatchilik kengashlarining tarkibi Jamoatchilik palatasi bilan kelishilgandan so‘ng Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining buyrug‘i bilan har 2 yilda tasdiqlanadi.

16. Davlat ekologiya qo‘mitasining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi Kengashning ishchi organi hisoblanadi, ular faoliyatini tashkiliy-uslubiy va axborot jihatdan ta’minlaydi.

17. Quyidagi holatlarda jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:

ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berilganda;

jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;

ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.

18. Kengashining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va unga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida Davlat ekologiya qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

19. Jamoatchilik kengashining raisi:

jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;

jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;

jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini muvofiqlashtiradi;

Davlat ekologiya qo‘mitasining rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan jamoatchilik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni davlat organi rahbari bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasining raisi bilan hamkorlik qiladi;

jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

20. Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o‘rinbosari bajaradi.

21. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:

rais yo‘qligida jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

fuqarolarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlarini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

22. Jamoatchilik kengashining kotibi:

jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;

jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, davlat organi xodimlaridan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;

kun tartibiga muvofiq jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;

jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;

jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini ta’minlaydi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

23. Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

Jamoatchilik kengashining a’zolari:

o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun davlat organi tomonidan tashkil etiladigan hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;

jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;

Davlat ekologiya qo‘mitasi faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;

jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funktsiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

24. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har chorakda kamida bir marta chaqiriladi.

Jamoatchilik kengashining raisi jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.

25. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.

26. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.

27. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.

Jamoatchilik kengashining majlisida davlat organi rahbari, uning o‘rinbosarlari va boshqa xodimlar ishtirok etishi mumkin.

28. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.

29. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

30. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.

31. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda davlat organiga, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.

32. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, Kengash raisi tashabbusi bilan qaror jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.

Davlat ekologiya qo‘mitasi jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.

33. Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan hollarda, jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

34. Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash davlat organi tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

35. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ekanligi Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi tomonidan nazorat qilinadi.

36. Jamoatchilik kengashining va Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

 

 


 

Общественный Совет при Госкомэкологии РУз

       • Web-site: http://ecosovet.for.uz

       • E-mail – ecosovet@eco.gov.uz

       • Facebook – https://m.facebook.com/ecosovet.for.uz/

       • Telegram-chanel – https://t.me/ecosovet_for_uz

       • Telegram-chat – https://t.me/ecosovet_for_uz_chat

       • Telegram-bot (Бот обратной связи | Қайта алоқа бот) – https://t.me/ecosovet_for_uz_bot

 

 


Foydali manbalar