Rangini yo‘qotgan yaylov yoki qo‘riqxonadan tashqaridagi manzara...
20.
09. 2020
20:28
8395
Yangiliklar

Keksa cho‘pon kechinmalari

U har kuni shu qirlarga keladi. Har kuni ertalab quyoshning chiqishini shu qirning ustida turib qarshilaydi. U shu yerda – Turkiston tog‘ining Nurota va Morguzar tizmalari oralig‘idagi lalmi qir-adirlik qo‘ynidagi qishloqda tug‘ilib voyaga yetgan. O‘zbekiston deganda uning tassavurida shu ko‘rib turganlari – atrofini tog‘lar o‘ragan, bir tomoni Qizilqumning janubiga tutashib ketgan bo‘z tuproqli dasht yaylovi keladi.

Yoshligi shu tog‘lar, qir-adirlar bag‘rida kechdi. Qishloq bolalari bilan adirga ot o‘tloqqa kelish eng sevimli ish edi. O‘tgan asrning saksoninchi yillarigacha bahorda uloqchi otlarni o‘tloqqa olib chiqish «ot o‘tloq» deyilardi. Bolalar otlarni o‘tloqqa arqonlab, bu yam-yashil qirlar bag‘rida istagancha o‘ynashardi. Hozir yaylovda otning og‘ziga ilinadigan o‘t yo‘q. «Ot o‘tloq» degan so‘z ham unutilayozgan.

Bahor oxirlaganda esa pichan o‘rimi boshlanardi. Bu yumush ro‘zg‘or uchun qanchalik muhim ish bo‘lsa, bolalar uchun ham shunchalik qiziqarli mashg‘ulot edi. Oyoq tagidagi qalin o‘tlar ostidan bedana yo tuvaloqning parrillab uchishidan yurak cho‘chishi, qaysidir qush bo‘z qirg‘iyning hujumidan qutilish uchun jon alpozda butalar orasiga bekinishi, ahyon-ahyonda lip etib paydo bo‘lib qolgan tulkining itlarga chap berib qochishi kabi tabiat qo‘ynidagi uchrashuvlar bolalarga beqiyos zavq bag‘ishlardi.

Unga ayniqsa, adirda bo‘zto‘rg‘aylarning sayrashi yoqardi. U o‘t-o‘lanlar ustiga chalqancha yotib, osmonga baland ko‘tarilgan bo‘zto‘rg‘ayning bir joyda qanot qoqqancha sayrashini soatlab tinglashdan zerikmasdi. Chamasi bo‘zto‘rg‘aylar eng balandda, eng baland tovushda sayrash bo‘yicha bahslashardi.

Ulg‘aygach u shu yerlarda kolxozning, so‘ngra sovxozning, shirkatning, fermerlarning qo‘yini boqdi. Nafaqaga chiqqanidan so‘ng tarki odat deganlariday, o‘zining o‘n-o‘n besh bosh qo‘yini har kuni o‘tlatishga olib chiqib yurdi. Mana besh-olti yildirki bu mashg‘ulotni ham qilmay qo‘ydi. Adirda shugina qo‘yga ham yetadigan o‘t-o‘lan o‘smayotir. Yemish axtarib chopadigan qo‘ylarning ortidan yurishga uning quvvati yetmaydi.

Ammo odamlar hamon adirlarda qo‘y boqadi. Garchi butun Qorang‘ulning yaylovini aylanib chiqqan qo‘yning qorni to‘ymasada, odamlar «jonvorlar hech bo‘lmasa oyog‘ining chigili yoziladi» deb qo‘ylarini taqir, tuprog‘i yuzaga ko‘tarilgan qir-adirlarga haydayveradi. To‘rt faslda ham 100 boshdan 400 boshgacha qo‘ydan tashkil topgan o‘nlab suruvlar bo‘zdagi tuproqning changini ko‘kka ko‘tarib yaylov kezadi.

Ilgari yozgi, qishki yaylovlar boshqa-boshqa bo‘lardi. Adir yaylovlarida yoz faslida qo‘y boqilmasdi. Yozda suruv tog‘ yaylovlarida boqilib, kech kuzda adirga qaytarilgan. Bu davrda adirdagi o‘tlar o‘sib, urug‘ini to‘kib ulgurgan. Qushlar, yovvoyi hayvonlar, hashoratlar ko‘paygan. Ular o‘simliklarning urug‘larni hamma joyga sochilishiga, kelgusi bahorda unib chiqishiga ko‘maklashgan. Chorvadorlar pichan g‘amlab, qishga tayyorgarlik ko‘rgan.

Bu qir-adirlarda endi avvalgi manzara yo‘q, bo‘zto‘rg‘aylarning ovozi eshitilmaydi. Keyingi 25-30 yil davomida o‘simliklarning, qushlarning, hashoratlarning ko‘p turlari yo‘qolib ketdi. Endi bu adirlarda qushlar uchun oziqlanib, in qurib, ko‘payadigan o‘tloqlar, butalar ham yo‘q. O‘t-o‘lanlarni chorva mollari erta bahordayoq yeb bitirmoqda, tuyog‘i bilan toptab yo‘q qilayotir. Hatto tabiat o‘z himoya quroli bilan yaratgan, butun tanasi tikon bilan qoplangan yantoq ham endi o‘sib ulgurmaydi. Qirlarning toqqa tutash qismida o‘sadigan yovvoyi bodomning tanasidagi har biri juvoldizdek keladigan tikonlari ham uni odamlarning, qo‘y-echkilar xurujidan himoya qilolmadi.

Chorva mollari soni ko‘payishi, yaylovdan to‘rt fasl ham uzluksiz foydalanilishi oqibatida ilgari 200 xildan ortiq o‘simlik o‘sadigan adir yaylovlarida ularning bor yo‘g‘i 25-35 turi qolgan. Ya’ni biologik xilma-xillik deyarli o‘n karra kamaygan. Bu o‘z navbatida yaylov hosildorligining pasayishiga sabab bo‘layotir.

Endi bu adirlar ko‘klam yam-yashil emas. Yozda hatto qushlarga ham soya topilmaydi.

...Ammo u bolaligi o‘tgan qirlar bag‘riga har kuni kelishni tark etmaydi. Bir vaqtlar bo‘zturg‘aylar qo‘shig‘iga to‘lgan, bugun esa yalong‘och bo‘lib qolgan qirlardan ko‘tarilayotgan chang g‘ubori to‘la osmonga uzoq boqadi. Tabiatdagi bu evrilishning sabablari haqida ma’yus o‘yga toladi.

– Sakson to‘rt yillik umrim Qo‘ytosh tog‘lari etagidagi shu qir-adirlar bag‘rida o‘tayotir, – deydi G‘allaorol tumani Chayanli qishlog‘ida yashovchi keksa cho‘pon Rahmon bobo Ravshanov. – Tabiatdagi o‘zgarishlarni ko‘z oldimga keltirganimda, yuragim ezilib ketadi. Atrofimizda bundan 50-60 yil avvalgi tirik tabiat – o‘simliklar, hayvonlar, qushlar, hashoratlar deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. Qir-adirlar yalong‘och, tog‘larda faqat toshlar ko‘rinadi. Shunday bo‘lishiga biz, insonlar aybdormiz, Bu fojea bizning Ona tabiatga qilgan shafqatsizligimiz tufayli yuz berdi.

Lekin u umidini yo‘qotmaydi. Bir yil avval tog‘ning narigi tarafidagi Nurota qo‘riqxonasiga borganda bu yerda yo‘qolib ketgan barcha o‘simlik turlari, hayvonlar va qushlarni ko‘rganini aytib yuradi. Bir kun kelib ularning bu yerda yana paydo bo‘lishini orzu qiladi. Har bir ishni xudoning irodasi, davlatning yo‘rig‘i bilan bo‘lishiga ishonib yashayotgan odam hukumat bu ahvolni tuzatish uchun bu yerlarni ham qo‘riqxonaga aylantiradi, deb o‘ylaydi. Axir, zamin bir butun, barcha hududlar bir-biriga tutash bo‘lgach, bu yerlarda o‘simliklar, hayvonlar uchun yashash imkoniyati yaratib berilsa, qo‘riqlansa yana avvalgi holiga qaytishiga umid qiladi.

Afsus, hozircha uning va unga o‘xshab tabiatdagi noxush o‘zgarishlardan yuragi ezilayotganlarning bu orzulari ushalmayapti. Qo‘riqxona tashqarisidagi qo‘riqxona maydonidan ming chandon katta hududlarda ahvol yildan yil og‘irlashib borayotir. Keyingi yillardagi tabiatdagi bu o‘zgarishlar nafaqat mutaxassislarni balki oddiy odamlarni ham tashvishga solishi tabiiy.

Bu manzarani Jizzax, Samaraqand, Navoiy viloyatlari hududlarini tutashtiruvchi nuqtada – Qo‘ytosh tog‘idagi O‘zbekiston televizion ko‘rsatuvdlarini uzatuvchi teleantena joylashgan cho‘qqidan nazar solganda yaqqol ko‘rish mumkin. Qisqa muddatli erta bahordagi yashillikni hisobga olmaganda, boshqa fasllarda atrofda qir-adir, janubiy Qizilqumga tutashib ketgan tekisliklar och jigar rangda bo‘ladi.

Sinchiklab tikilsangiz bu g‘uborli zaminda osmonga changi ko‘tarib harakatlanayotgan qora nuqtalarni ko‘rasiz. Bu nuqtalarning har biri bir otardan iborat qo‘ylar suruvi. Osmondagi g‘ubor esa ularning tuyoqlari ostidagi tuproqdan ko‘tarilayotgan chang. Bu – Respublikaning eng yirik yaylovlar hududining bugungi manzarasi.

O‘tgan o‘ttiz yildan ziyod davrda ekologiyani, atrof-muhitni himoya qiladigan huquqiy asoslarning zaifligi, mavjud qonun, qarorlarning ijrosini ta’minlash mehanizmlarining yaratilmagani ularning harakatsiz qolib ketishiga, muammolarning chuqurlashuviga olib keldi. Ayniqsa viloyatning chorvador hududlari bo‘lgan G‘allaorol, Forish, Zomin, Baxmal, Sh. Rashidov, Yangiobod tumanlaridagi qir-adir yaylovlarida biologik xilma-xillikka jiddiy zarar yetdi.

Bu hududlardagi qishloqlar aholisining asosiy kasbi qadimdan chorvachilik, ro‘zg‘orining yagona daromadi shu sohadan bo‘lgan. Endi hududdagi chorvador fermerlar, shaxsiy xo‘jaliklar qo‘ylarni 100-200 kilometr olisdagi Janubiy Qizilqumning Arnasoy ko‘llari bo‘yidagi yaylovlarda boqmoqda. Ammo endi u yerlar ham torlik qilib, tabiiy o‘t-o‘lanlar kamayib borayotir.

— Qo‘y boqish yildan yil og‘irlashib bormoqda, — deydi G‘allaorol tumanidagi «Qorang‘ul» fermer xo‘jaligi rahbari Boyxo‘roz Yarashev. – Aprel oyidayoq yaylovda o‘t-o‘lan tugab, tuprog‘i chiqib qolayotir. Fermer xo‘jaliklari, uch-to‘rt yuz bosh qo‘yi bor shaxsiy xo‘jaliklar suruvni Qizilqumga, Arnasoy ko‘li atrofidagi Forish tumani yaylovlarida boqayotir. Albatta tekin emas, cho‘ldagi yaylovlar ham o‘sha joyning fermerlari tomonidan pullik ijraga beriladi.

Hozir ko‘l atrofidagi yaylovlar ham qo‘y otarlarining ko‘pligidan unumsizlanib ketdi. Yozni-ku bir amallab o‘tkazamiz, oldindagi qish tashvishi turibdi. Ozuqaligi bo‘lmagan somonining bir telejkasini g‘alla yaxshi bo‘lgan yilda 500 ming, og‘irroq yillarda 1 million so‘mgacha olamiz. Biroq faqat somon bilan qo‘ylarni qishdan sog‘lom olib chiqib bo‘lmaydi. Yem kerak. Yem ham yil sayin qimmatlashib borayotir. Bu ahvolda go‘sht narxi oshib ketaveradi.

Hozir bozorlarda go‘shtning kilosi 60 mingdan 75 ming so‘mgacha ekanligi ana shu yaylov unumsizlanib, qisqarib mol boqish qimmatga tushib ketayotgani sabab bo‘lmoqda. Chunki yaylov chorvachiligi arzon go‘sht yetishtirishning asosiy manbai hisoblanadi.

Qarorlar bor, vazifalar ham aniq, ijro kerak

Stastistik ma’lumotlarga ko‘ra, 582 ming gektar yaylov fondiga ega bo‘lgan Jizzax viloyatida 885,4 ming qoramol, 2 million 128 ming boshdan ziyod qo‘y-echki mavjud. Biologik me’yorlarga ko‘ra bir bosh qoramolga 3 gektardan, bir bosh qo‘y-echkiga 1 gektar yaylov zarurligi hisobga olinsa, mavjud yaylov maydoni bu me’yorga nisbatan besh-olti marta kamligi vaziyatning nechog‘li og‘ir ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Mollar soni yidan yil ko‘paymoqda. Biroq yer kengaymaydi. Ayniqsa yaylovlar esa, aksincha, qisqarib boraveradi. Albatta ahvolning tobora murakkablashib bormasligi uchun birinchi navbatda hukumat, parlament zarur choralar ko‘rishi kerak.

Prezidentimizning 2019 yil 22 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur hujjatda belgilangan vazifalarning mantiqiy davomi sifatida Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasining cho‘l hududlarini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan «O‘zbekistonning cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha 2019 – 2023 yillarga mo‘ljallangan «Yashil cho‘l laboratoriyasi» Kontseptsiyasi ishlab chiqildi.

Ushbu Kontseptsiyada cho‘l hududlardan unumli foydalanish natijasida respublika hududlarida o‘simliklar qoplami kengayishi va cho‘llanish holatlarini kamaytirish tadbirlari belgilangan. Shu asosda ilmiy-tadqiqot institutlari va tajriba laboratoriyasi o‘rtasida amaliy hamkorlik tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirishda keng maydonlarni ko‘kalamzorlashtirish va chorvachilik uchun ozuqa bazasini yaratish, ekoturizm va agroturizmni rivojlantirish vazifalari ko‘zda tutilmoqda.

Bu vazifani amalga oshirishda Orol dengazining qurib qolgan havzasida amalga oshirilayotgan ishlar cho‘llanish xavf solayotgan boshqa hududlar uchun namunali tajriba bo‘ldi. Mo‘ynoqda, qumli sahroda yashil maydonlar yaratilgani Orol o‘rnida azaldan yashil bo‘lib, bugun cho‘llanish xavf solayotgan yaylovlarda bu ishni xech ikkilanmay amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatib turibdi.

Cho‘llanishning oldini olish, bioxilma-xillikni asrash endi boshlangan ish emas albatta. O‘zbekiston Respublikasi tabiatni himoya qilish bo‘yicha 20 ga yaqin xalqaro shartnoma va konventsiyalarga qo‘shilgan. Xalqaro huquqiy hujjatlarga rioya qilish bilan birga atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy bazasini mustahkamlash ham izchil amalga oshirilayotir. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekistonda muhofaza qilinadigan alohida hududlar (rezervatlar) to‘g‘risida»gi qonunida biologik xilma xillikni saqlab qolishning huquqiy asoslarini mustahkamlab qo‘yilgan.

Hozir hukumat mamlakatdagi kambag‘allar sonini qisqartirish ustida katta ish olib borayotir. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda kambag‘allar 12-15 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich lalmi, barqaror suv manbaiga ega bo‘lmagan hududlarda ancha yuqori.

Bu hududlarning mahalliy davlat hokimiyati boshqaruv organlari tomonidan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarda ham chorvachilikni rivojlantirishga e’tibor qaratilib, qashshoq oilalarga qo‘y-echki tarqatilayotir.

Ish joylari yo‘q, dehqonchilik uchun suv manbaiga ega bo‘lmagan qishloqda yashayotgan kam ta’minlangan oilaga 5-10 bosh qo‘y-echki berilayotgani juda katta ko‘mak. Tejab-tergab foydalansa, uch-to‘rt yilda qo‘y-echkisining sonini 50-60 boshga yetkazib, qashshoqlikdan chiqib ketishi mumkin. Mol tarqatishdan ko‘zda tutilayotgan asosiy maqsad ham shu.

Ammo aholi xonadonlarida mol sonining ko‘payishi yaylovga bosimning yana ortishiga olib kelmasligi kerak. Buning uchun esa chorva ozuqasi yetishtirishni yo‘lga qo‘yib, molni yaylovda haydab boqishni cheklash zarur.

Bu ham qilinyapti. Lalmikor hududlarda kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlashda amalga oshirilayotgan yana bir muhim tadbir, imkoniyat bor joylarda artizan quduqlari kovlanib, dehqonchilik qilishga yordam ko‘rsatilayotir.

Qishloq aholisini ish bilan band etishda boshqa imkoniyatlar ham bor. Viloyatning Forish, Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Yangiobod tumanlarida cho‘llanish havfi kuchli sezilayotgan adir yaylovlaridan tashqari, tabiiy buloqlarga ega noyob tabiat maskanlari bor. Shu dam olish maskanlarida sayyohlar uchun sharoitlar yaratib, ekoturizmni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham harakatlar bo‘layapti.

Hozir ushbu tumanlardagi qishloqlarda zamonaviy mexmonxonalar, xonadonlarda mehmon uylari barpo etilayotir. Dastlabki samaralar, namunali dam olish maskanlari ham bor. Bu sohaning rivojlanishi bilan qishloq aholisining bir qismi sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘ladi.

Natijada xonadonlarda chorvachilik bilan shug‘allanishga ehtiyoj, yaylovlarda mol bosh soni kamayadi. Bu ish tabiiy ne’matlarning tejalishiga, tabiatga yetkazilayotgan zararning kamayishiga olib keladi. Bu hudud iqtisodining rivojlanishi demakdir.

Bundan tashqari, hududda ekoturizmning rivojlanishi aholining ekologik savodxonligining o‘sishi, ayniqsa yoshlarda ona tabiatni asrab-avaylash ko‘nikmalarining paydo bo‘lishi uchun ham juda muhimdir.

Ikkinchi katta mummmo – lalmikor qishloqlardagi aholining yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojidir. Tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan qishloqlardagi aholi yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojining bir qismini chorva go‘nggi, bir qismini esa tog‘ adirlarda o‘sadigan daraxt hamda butalar bilan qondiradi. Shu sababli ham tog‘larda ilgargidek qalin butazor va changalzor hozir yo‘q. Ular allaqachon ahlolining tandir va o‘choqlarida yonib ketgan. Har -xar joyda qolgan yovvoyi bodom, pista, shuvoq, yantoq, jing‘il, va boshqa daraht va butalar tomiri bilan kovlab olinayotir.

Bosib kelayotgan sahrolanish va yerlarning yemirilishiga qarshi kurashning samarador usullarini aniqlash uchun ushbu jarayonlar ko‘lamini yaxshi tassavvur qilish kerak. Yerlarning yemirilishi haqidagi ma’lumotlar idoralarda qarorlar qabul qiluvchi shaxslar, mahalliy hokimiyat organlari vakillari, olimlar, mutaxassislar va yerdan foydalanuvchilarning o‘zlari – fermerlar uchun juda muhim va zarur.

Tuproqning yemirilishiga qarshi kurashga oid ma’lumotlar BMT Konventsiyasi asosida ishlab chiqilgan mezonlar va ko‘rsatkichlarga texnik talablar muvofiq bajarilishi vaziyatni aniq baholash imkonini beradi. Bu ma’lumotdagi ko‘rsatkichlarda cho‘llanish va tuproqning yemirilish jarayonlarini kuzatish, tushunchalar va zarur ma’lumotlar xaqqoniy aks etishiga va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi.

Hozircha bu ish doimiy asosda yo‘lga qo‘yilmagani mavjud muammolar bo‘yicha axborot kamligida sezilib turibdi. Cho‘llanish jarayonlarini va ularning atrof-muhitga ta’siri ko‘lamini o‘rganish bilan mutaxassislar grantlar va xalqaro loyihalar doirasida shug‘ullanmoqda. Ammo ushbu ishlar doimiy asosda olib borilmayotir.

Bundan tashqari, cho‘llanish darajasini o‘rganish, amalga oshirilayotgan tadbirlarning samarasini baholash davlat monitoring tizimi mavjud emas. Bu ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi o‘rni sezilmayotir.

– Hozir tobora kuchayib borayotgan cho‘llanish jarayonini oldini olishda, birinchi navbatda, yaylovlardan to‘g‘ri almashlab foydalanishni, ozuqabop o‘simlik ekish bilan hosildorligini oshirishni yo‘lga qo‘yish kerak, – deydi G‘allaoroldagi O‘zbekiston lalmikor dehqonchlik ilmiy tadqiqot instituti ilmiy xodimi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Hasan Yusupov.

– Yaylovlardan almashlab foydalanish bo‘yicha ham, izen, teresken va boshqa ozuqabop yovvoiyi o‘tlarni ekish bo‘yicha ham ilmiy tavsiyalar, tajribalar yetarli. Biroq hozir ilmiy tajriba maydonlarini, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotgan sanoqli fermer xo‘jaliklarini hisobga olmaganda xech qaysi usul amalga tatbiq etilayotgani yo‘q. To‘g‘risi, sohaga mutasaddi bo‘lganlar odatdagidek, bu ishda Prezident tashabbusini kutib turishgandek. Ammo vaqt kutmaydi. yaylovning yukini biroz kamaytirish, uning hosildorligini oshirish uchun zarur agrotexnik tadbirlarni, innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish kerak.

Global fikr qilib – o‘z hududingni asra

O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi doirasida 1998 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan Global Ekologik jamg‘armasi Kichik Grantlar dasturining shiori shunday.

Ekologik muvozant buzilishiing oldini olishga qaratilgan ishlarda jahon tajribasidan foydalanish, xalqaro hamjamiyat, hususan, BMT shafeligidagi Global ekologik jamg‘arma bilan hamkorlikning ko‘lami kengaytirilmoqda.

O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib Sahrolanish va yerlarning yemirilishiga qarshi kurash bo‘yicha Konventsiyani imzolagan davlatlardan. 1995 yil 31 avgustda bu xalqaro hujjat Respublika Oliy Majlisida ratifikatsiya qilingan.

O‘zbekiston hukumati BMT Taraqqiyot dasturi, Global ekologik jamg‘armasi bilan hamkorlikda «Nurota-Qizilqum biologik rezervati»ni barpo etish bo‘yicha 2000-2005 yillarda amalga oshirgan loyiha hududdagi ekologik muammolarni o‘rganish va vaziyatga baho berishda birinchi yaxshi tajriba bo‘lgan edi, deyish mumkin. Jizzax viloyatining Forish tumani, Samarqand viloyatining Payariq, Navoiy viloyatining Nurota tumanlari hududini qamrab olgan loyiha chegarasidagi hududlarda biologik xilma-xillikni asrab qolish, tabiatga zarar yetkazuvchi ta’sirlarni kamaytirish yo‘nalishida birmuncha ishlar amalga oshirildi.

Ushbu loyiha muallifi biologiya fanlari nomzodi Natalya Yurevna Beshko 1991 yil Xarkov davlat universiti botanika fakultetini bitirib, Forish tumanidagi «Nurota» davlat qo‘riqxonasiga ishga kelgandan so‘ng o‘ttiz yilga yaqin hududdagi biologik xilma-xillik ustida ilmiy izlanishlar olib borayotgan fidoiyi olima. Ayni paytda O‘zbekiston fanlar akademiyasi o‘simliklar va xayvonat dunyosi genofondi instituti markaziy gerbariyida katta ilmiy xodim vazifasida ishlash bilan qo‘riqxona va unga yondosh hududlardagi tadqiqotlarini davom ettirmoqda.

– Tabiiy muvozanatni tiklashdagi barcha muammolarni besh-o‘n yillarda hal qilish qiyin, albatta, – deydi biologiya fanlari nomzodi Natalya Yurevna. – Ayrim jarayonlarni esa to‘xtatishning butunlay iloji yo‘q. Keyingi yillarda xududda cho‘llanish, yo‘q bo‘lib ketgan yoki tobora kamayib borayotgan o‘simlik va xayvonlar turi, tuproq erroziyasi va boshqa salbiy omillarning atrof-muhitga yetkazilayotgan zararlari miqdorlarini hisoblash qiyindir balki. Ammo Respublika hukumati tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rayotgan chora-tadbirlari odamlarning tabiatga bo‘lgan munosabati, qarashlarini o‘zgartirishi zarur.

Tasalli beradigan narsa, «Nurota – Qizilqum biologik rezervatini yaratish» loyihasi muddati tugagandan so‘ng ham hududda cho‘llanishning oldini olish, tuproq eroziyasini kamaytirish, aholining ekologik bilimlarini oshirishga yo‘naltirilgan harakatlar to‘xtab qolmadi. BMT ming yillik rivojlanish deklaratsiyasining atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan vazifalari doirasida yangi loyihalar amalga oshirilayotir.

Shunday loyihalardan biri uch yil ilgari BMT Taraqqiyot dasturi, Global ekologik fondining Kichik grantlar dasturi doirasida Forish tumanining Narvon qishlog‘idagi «SBM Muhammadamin» fermer xo‘jaligida amalga oshirilgan edi. Fermer xalqaro tashkilotning 50 ming dollarlik granti ko‘magida yoz bo‘yi nam tushmaydigan 30 gektar lalmi hududda pistazor barpo etdi.

Lalmi qir-adirlarda pista yetishtirish tuproqni suv, shamol eroziyasidan himoya qilishning eng maqbul yo‘li. Qolaversa, pista mevasi narxi o‘ta balandligi bilan u fermerga yaylovda yuzlab qo‘y boqqandan ko‘ra ko‘proq daromad keltiradi. Hozir bu usul faqat Forishda emas, unga qo‘shni lalmikor tumanlarda ham qo‘llanilmoqda. Respublika fermer xo‘jaliklari uyushmasi «SBM Muhammadamin» fermer xo‘jaligi bazasida «Lalmi bog‘dorchilik markazi» o‘quv sho‘‘ba korxonasi tashkil etib, bu tajribani ommalashtirayotir. G‘allaorol tumanida fermer Abdulla Karimov 50 gektardan ziyod pistazorda yaxshi daromad olmoqda.

Halqaro hamjamiyat hamkorligidagi ishlarning yaxshi samarasiga misollar ko‘p. Bu avvalo odamlarning ongidagi, taffakkurida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarning samarasini bugun qishloqlarda xo‘jalik yuritishning noan’anaviy usullariga o‘tilayotganligida ham ko‘rish mumkin.

Qishloqda yashovchi oilalar o‘nta jaydari, mahsuldorligi past mol o‘rniga, ikkita nasldor mol boqishi iqtisodiy jihatdan ro‘zg‘orga ham atrof-muhitga ham foydali ekanligini tushunib yetmoqda. Qo‘ylar bosh sonini yaylovlarning imkoniyati darajasiga keltirish, xo‘jalik yuritishning tabiatga, atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadigan usullaridan foydalanishni targ‘ib qilish, yangi usullarni tatbiq etishda BMT Taraqqiyot dasturining Kichik grantlar loyihasi doirasidagi hamkorlik amaliy ahamiyatga ega namuna vazifasini o‘tayotir.

Global ekologik jamg‘arma O‘zbekistonga 20 million dollar ajratgan. Kichik grantlar dasturi doirasida 7 ta loyiha amalga oshirildi. Yana beshta loyiha amalga oshirilmoqda. 2020 yil oxirigacha hamkorlikdagi loyihalar 12 taga yetayotir.

– Keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab yaxshi o‘zgarishlar yuz berayotir, – deydi Global Ekologik jamg‘armaning Kichik grantlar dasturi muvofiqlashtiruvchisi Aleksey Volkov. – Bu o‘zgarishlar 25 yil davomida bo‘lmagan. Shubhasiz, yaxshi o‘zgarishlar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ham amalga oshirilayotir. Bu albatta o‘z samarasini beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Global ekologik jamg‘arma va «Ergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi hamkorligida bundan ikki yil avval amalga oshirilgan «O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l landshaftlaridagi sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish» loyihasi ham ayni yo‘nalishdagi samarali ishlardan biri bo‘ldi. Ushbu loyiha doirasida Zomin tumani yaylovlarining hozirgi holatini baholash, o‘simlik qoplamiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha hududdagi ikkita fermer xo‘jaligi – «Tutak Karim dalasi» va «Rustamnoma» ishtirok etdi.

Loyiha davomida «Tutak Karim dalasi« fermer xo‘jaligida 30 gektarlik yaylovga chogon, izen, terezken kabi 6 xil oziqabop ekinlar hamda ming tup saksovul ekildi. «Rustamnoma» chorvachilik fermer xo‘jaligida ham 7 gektar maydonga shu kabi ozuqabop o‘simliklar hamda 7 mingta saksovul ekildi.

Bu ikki fermer o‘zlarining chorva mollari uchun arzon yem-xashak yetishtirishdan tashqari, ozuqabop o‘simliklar urug‘ini yetishtirib sotishdan ham yaxshi foyda oldi.

Tabiatni muhofaza qilish talablari hisobga olingan bunday yangicha yondoshuvlar natijasini bundan bir necha yil avval yalang‘och qolgan qirlar bag‘rini asta sekinlik bilan yashil o‘t-o‘lanlar qoplab borayotgani ko‘rsatib turibdi. Dalada o‘simliklarning erkin o‘sishi tipratikan, toshbaqa, ilon kabi jonivorlar va turli hasharotlarning bu yerda makon tutishiga, qushlarning qo‘nim topishiga, tuproq ko‘chishining to‘xtashiga olib keladi. Biologik xilma-xillik asta sekinlik bilan tiklanadi.

Bu fermer xo‘jaliklaridagi natijalar, shubhasiz, boshqalarni ham qiziqtirmoqda. Aslida loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu – tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l hududlaridagi sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlardan foydalanishda tabiatni muhofaza qilishga keng jamoatchilikning e’tiborini jalb etish. Bu ishni amaliyotda ko‘rsatish orqali odamlarni tabiatni himoya qilishga undash. Global ekologik jamg‘arma Kichik grantlar dasturining «Global fikr qilib, o‘z hududingni asra» shioridan ham shu maqsad ko‘zlangan.

Endi bu ishda erishilayotgan natijalarga misollar ham yetarli. Demak, vaziyatni o‘nglashning, yaylovlarni tiklashning yechimi bor.

Bugun faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyoda tabiatga faqat iste’molchilik nazari bilan qarash mutlaqo mumkin bo‘lmay qolgani isbot talab qilmaydigan haqiqat. Endi tabiat insoniyatning boyligi emas, aksincha, inson uning bir bo‘lagi xolos. Shuning uchun tabiatga tabiatning o‘zgarmas qonunlariga rioya qilgan holda ehtiyotkor munosabatda bo‘lishni barchamiz chuqur anglab yetishimiz zarur.

Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/rangini-y-otgan-yaylov-....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar