Yuksak minbarda jaranglagan Ona tilim!
24.
09. 2020
10:58
5675
Yangiliklar

Muhtaram Yurtboshimizning Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida BMT va O‘zbekiston Respublikasi tarixida birinchi bor o‘z Ona tilida – o‘zbek tilida nutq so‘zlashi tarixiy voqea bo‘ldi. Ushbu nutq o‘zbek tilida ilk bor umumbashariy muammolar, jumladan, ekologik global muammolar va ularning yechimlari haqida so‘zlangan tarixiy nutq bo‘ldi desak, adashmaymiz. Bu olamshumul voqening tarixiy ahamiyati yana shunda aks etadiki, bashariyatni xavotirga solayotgan global muammolar va ularning yechimlari o‘zbek tilida bayon qilindi, o‘zbek tilidagi otashin nutqni butun jahon xalqlari diqqat bilan eshitdi. Buyuk Alisher Navoiy tili butun olam bo‘ylab yangradi.

Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqida jahon hamjamiyatini muammolarni yechishda yakdillikka chaqirdi. Tahlikali va murakkab vaziyat yuzaga kelgan shu davrda o‘zaro muloqot va yaqin hamkorlik qilish hamda o‘zaro sayi harakatlarni birlashtirish haqida takliflar berildi. Jumladan, dunyo hamjamiyatini katta tashvishga solayotgan pandemiya sharoitida Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomini va salohiyatini oshirish, har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligini ta’minlash, ekologik, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikda ishlar olib borishga chaqirdi. Shu o‘rinda, O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar ortga qaytmaydigan tus olganligi, shuningdek sog‘liqni saqlash tizimi kuchaytirilayotganligi xususida gapirib o‘tdilar.

Muhtaram Yurtboshimiz o‘z nutqlarida, Global iklim o‘zgarishining salbiy ta’sirini butun dunyo his etayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Ma’lumki, Yer yuzida global isish jarayoni kechmoqda, sanoat va qishloq xo‘jaligi gazlari issiqxona effektini kuchaytirib, Yer Quyoshdan kelgan issiqlik va quvvatni ushlab qolmoqda. Inson faoliyati, jumladan yoqilg‘i yoqish, havoda karbon dioksidi ulushini ko‘paytiradi, bu gaz esa issiqxona effekti uchun asosan mas’ul gazdir. Karbonni qayta ishlovchi o‘rmonlar hududi kamaymoqda. Karbonat angidridning havodagi miqdori so‘nggi 800 - ming yil ichida eng yuksak darajaga yetdi. Arktika muzlari erimoqda, Yer yuzasida harorat ko‘tarilmoqda, tabiiy ofatlar ko‘paymoqda, dengiz sathi ko‘tarilmoqda, bularning barchasi ona zaminimizni fojeali natijalarga keltirishi mumkin. 1900 yildan buyon dengiz sathi 19 santimetrga ko‘tarilgan. So‘nggi o‘n yilliklarda bu ko‘tarilish tezlashgan, ba’zi orollar suv tagida qolmoqda.

1980 yildan buyon dengiz muzlarining sathi Britaniya sathiga 10 barobar keladigan maydonga kamaygan.

Bu ekologik noxush holatlarning oqibatlari toza suvning kamayishiga, toshqin, issiqlik va qo‘rg‘oqchilikdan talafotlar ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi asoratlari faqat insoniyatning o‘ziga ta’sir ko‘rsatmayapti, balki Odamzot tomonidan yovvoyi tabiatning ulkan qismiga o‘nglab bo‘lmas zarar yetkazilmoqda. Olimlar kelayotgan o‘n yilliklar ichida bir millionga yaqin mavjudot turlari butunlay yo‘qolib ketish arafasida turganidan ogohlantirmoqda.BMTning Bioxilmaxillik bo‘yicha Konventsiyasiga esa 2030 yilgacha yovvoyi tabiatni asrab qolish choralarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Xulosa qilib aytganda, ona sayyoramizni muqarrar halokatdan qisqa vaqt ichida saqlab qolish muammosi bilan yuzlashgancha turibmiz. Muhtaram Prezidentimiz Birlashgan Millatlar tashkilotining yuksak minbaridan Iqlim o‘zgarishlari va ularning oqibatlari, bu ekologik falokatning atrof-muhitga va Inson salomatligiga salbiy ta’siri haqida kuyunib so‘zladi.

Tabiat va jamiyat nomutanosibligidan kelib chiqqan, hozirgi kunda mintaqaviy muammolar safidan chiqib, global darajaga ko‘tarilgan Orol dengizi taqdiri umumbashariy muammolardan biridir. Ikkinchi Jahon urushidan keyin SSSR O‘zbekistonni ulkan paxtazorga aylantiradi. Amudaryo va Sirdaryo suvlari nafaqat yangi shaharlarga, balki yangi paxta dalalariga burildi. Paxta yetishtirish kuchaytirildi. O‘zbekistonda 6 million tonnagacha paxta hosili ko‘tarish mo‘ljali olinadi. Orol esa 1960 yillardayoq qisqarishni boshlaydi. Lekin Kreml Orol muammosini ommadan yashirib keladi. Dengiz chekinayotganini ilg‘agan mahalliy odamlar qirg‘oqqa tayoq tiqib, oradan bir qancha vaqt o‘tgach, qaytib kelib, dengiz qanchalik uzoqlashganini o‘rganishganini aytishadi. Suv kamayarkan, tuz miqdori ko‘payib, Orol zaharli dengizga aylana boshlagan. Orol dengizining 90% hududi bugun sahro. Bu - Irlandiya hududiga teng maydon. Dengizning o‘limi birgina turmush tarzini yoki ob-havoni o‘zgartirib qolmagan. Ulkan paxta dalalarini yaratgan Sovet Ittifoqi ekin uchun ishlatilgan pestitsid va gerbitsid qoldiqlari yana aylanib, daryoga tushishi va Orolga quyilishini tuzuk tasavvur etishmagan. Orol qurigach, dengiz o‘rnidagi ulkan sahroni qoplagan tuzlarni shamol yuzlab chaqirimga uchirib, to‘zg‘ita boshlagandi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, har yili dengiz o‘rnidagi sahrodan 100-150 million tonnadan ko‘proq chang-tuz osmonga ko‘tarila boshlagan.

Muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqlarida Birlashgan Millatlar tashkilotining Orolbo‘yidagi vaziyat bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish yuzasidan taklif berdi. Shu o‘rinda, Orolbo‘yidagi murakkab ekologik vaziyatni yumshatish yuzasidan O‘zbekistonda olib borilayotgan ijobiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlarini yumshatish maqsadida Orolbo‘yi hududida 2 million gektar yerda saksovulzorlar tashkil etildi hamda tuproq qatlamini shakllantirish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Orolbo‘yi hududidagi ekologik fojeani yumshatish yuzasidan BMT ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi tuzildi va amaliy yordam ko‘rsatish uchun tayanch platformasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimiz Orolbo‘yi ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surdi hamda maxsus rezolyutsiya imzolangan kunni xalqaro ekologik tizimlarini himoya qilishni va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Biz g‘urur bilan shuni aytishimiz kerakki, muhtaram Yurtboshimizning sof o‘zbek tilidagi nutqlari jahon afkor ommasini umumbashariyat muammolarni ijobiy hal qilishda birdamlikka chaqiradi.

 


Sultonmurod TOShIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

 

 

 

 

 

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


Foydali manbalar