«Hudhud»
08.
01. 2021
12:29
6391
Yangiliklar

(Hikoya)

Bugun tushimda uni yana ko‘rdim. Sog‘indimmi, yo u sog‘indimi? Bunisini aniq bilmayman rosti. Biz birga yashagan paytlarimizda ham uyda ko‘proq o‘tirib qolsak, arzimagan narsaga arazlashib yo urishib, mabodo ozroq ayrilsak (deylik men ishdan kech kelib, yo u onasinikida sal ushlanib qolsa) xavotirlanib, bir–birimizni izlab qolardik. Ko‘p urishardik. Nega urishaverardik bilmayman. Lekin ko‘p kulishardik ham. Shuni aniq bilamanki, uni kuldirgan paytlarim juda go‘zal bo‘lib ketardi. Yo‘q, u boshqa qizlarga o‘xshab nozlanib, qimtinib "xi–xi"lab kulib qo‘ymasdi, bor ovozda "vua-xa-xa"lab kulardi. Shu kulgisini yaxshi ko‘rardim.

Ko‘p kitob o‘qirdi, bir nimalar qoralab yurardi. Men dam oldim deguncha divanga yonboshlab, televizor ko‘rardim.

– Dadasi, sizga qaysi qush yoqadi? - nuqul shunday qiziq savollar beradi.

Unga "tentakmisan" deganday ensamni qotiribroq qarasam, ko‘zlari qiziqishdan chaqnab, jiddiy so‘rayapti.

– Burgut.

– Nimaga?

– E, boshimni qotirmasangchi?

– Ha, ayting endi.

Unga qaradim, miyamga dabdurustdan kelgan fikrni aytdim–qo‘ydim.

– Chunki u kuchli, baland uchadi.

– Hm... – bir lahza "Sengachi?" deyishimni kutdi. Mendan sado chiqmasligini bilib, o‘zi aytib qo‘yaqoldi. – Menga esa hudhud yoqadi.

– Hudhud? - kuldim.

– Ha, - dedi u bunga e’tibor bermay. – Bilasizmi nimaga?

– Xo‘sh?

– Qur’onda yozilgan qush. Sulaymon payg‘ambarga bir saltanat malikasi va xalqining Allohga shirk keltirayotganini xabar qilgan va o‘sha xalqni musulmon qilishda yordam bergan ekan. Yana bilasizmi, u azon aytilayotganda, namoz o‘qilayotganda va Qur’on tilovat qilinayotganda jim turarkan.

– E qoyil, zo‘r ekan. – men u din haqidagi gaplarini davom ettirmasligi uchun televizorga qarab oldim.

– Yanachi, u juftiga juda vafodor bo‘larkan. O‘zi in qurib berib, nima topsa baham ko‘rib, polaponlarini navbatma-navbat ovqatlantirarkan.

– Hm, rostdanmi? – xuddi hudhud boqadiganday gapiradi-ya, deb unga betimni burmadim.

– Keyin, juftini yo‘qotsa, uni topmaguncha tinchimas, undan ayrilib qolsa, boshqasini izlamas ekan, u bilan birga parvoz qilgan joylariga borib sayrar ekan.

– Shuncha narsani qaerdan bilasan, a? Hudhudshunosmasmisan mabodo?

U kuldi:
– Yo‘g‘-e, internetda o‘qidim. Sayrashi juda qiziq. Eshitasizmi?

"Qaerdan topasan hudhudni?" deganday angrayib turganimni ko‘rib yana jilmaydi. Noutbukining ekranini men tomonga burib, tugmasini bosdi.

Har xil qushlarning chug‘ur–qig‘ir tovushlaridan keyin birdan "Ufufuk, ufufuk, ufuk, ufufuk" degan bir g‘alati lekin mayin, yoqimli tovush eshitildi.

– Ie buning tovushini qara? - qiziqib qoldim va qiziqishimga uning zavqi kelib ketganini sezdim.

– Zo‘r, a?

– "Ufufuk" deyaptimi?

U bor ovozi bilan kulib yubordi:
– Ha, xuddi shunaqa qilib juftini izlaydi. Ajoyibsiz–ey!

Tushimda ham o‘sha birga yashayotgan paytimiz ekan. Men, u, yana allakimlar bor – do‘stlarimizmi, kursdoshlarmi – ko‘pchilikmiz, qaerdadir yuribmiz poytaxtdami, boshqa shahardami – buning ahamiyati yo‘q. Ko‘chani to‘ldirib gaplashib, kulishib ketyapmiz. Shoirlar she’r o‘qiyapti, unga shoiralar bayt boylayapti, juda Anvar bilan Ra’nochalik bo‘lmasa ham go‘zal baxru bayt... keyin hazil-huzul, latifa avjida.

Men bilan u hammadan ko‘p va baland ovozda kulyapmiz, bir–birimizga qarab jilmayyapmiz. Go‘yo men unga "baxtlimisan?", u esa "ha!" deyotgandekmiz. Keyin hammamiz bir yemakxonaga kirdik. Juda ajoyib bezatilgan katta stol: ming xil taom – go‘shtu pishiriqlar deysizmi, mevayu shirinliklar deysizmi, sarxil ichimliklar deysizmi – tagidagi dasturxon ko‘rinmaydi. Har galgidek erkaklar bir taraf, ayollar bir taraf o‘tirdik. U ro‘paramga cho‘kdi. Odatdagidek, gapni "bismillo"dan boshlab ulgurib–ulgurmay, bir–ikki jo‘ralar bir-birimizga ko‘z urishtirib, tomoq qirib oldik:

"Ochmaysizmi?"

"Qaysinisidan? Oqidanmi, qizilidanmi?"

"Oqidan oching!"

Shunda uning menga mahzun qarab turganiga ko‘zim tushib qoldi: "Shu safar ichmang, iltimos!"

Uning nigohiga chiday olmay, ko‘zimni olib qochdim. Bu qarashida ham umid, ham dard bor edi. Har gal ichib borsam, unga baqirsam, unga qo‘l ko‘tarsam shu nigohga duch kelardim. U juda ko‘p gap qaytarmas, faqat labini qattiq tishlagancha shunday qarab turardi.

Men baribir ichdim. Uning ko‘zidagi boyagi baxtga darz ketdi, o‘rnini cheksiz g‘am-iztirob siniqlari qopladi:
"Eh, bir martayam "xo‘p" demaysiz, a?"

Ichimga shaytonsuv kirib, uning ko‘zlariga bemalol qaray boshladim: "E, nuqul norozi bo‘laverar ekansan-da! Nima, men bilan baxtlimasmisan?!"

U teskari qaradi: "Shunaqa dedimmi?"

Men yanayam teshib yuborguday tikilib qaradim.

– Men har qadah ko‘targanda, malikamizni qovog‘i tushayapti, bu ketishda yarim soatlarda bu qovoqlar yuzini yopib qo‘yadi-yov!

Hamma kuldi, ajab u ham kuldi. Shunday kuldi-ki, "kulgu"dan ko‘zidan yosh chiqib ketdi.

...Bir payt mehmonxonada ekanmiz. Uyqudan turayotganmishman. Tushingda uxlab tursang juda g‘alati bo‘larkan. Tepamda jilmayib turibdi. Haliyam o‘sha siniq, lekin bu safar mehrli jilmayish. Men esa hali mastman, kayfim tarqamaganmi yo tushim shunaqami bilmayman. Lekin boshim aylanayapti.

– Turing, o‘rtoqlaringiz kelishdi. Kechki ovqatga tusharkanmiz.

Men gandiraklab, ko‘ylagimnining tugmalarini ilaman deguncha borib eshikni ochdi. Eshikda boyagi do‘st–yoronlar hammasi bostirib kirishdi.

– E haliyam yotibsizlarmi? Bo‘linglar-ey, kech qolamiz.

– Hozir! - men ko‘ylagimni shimimga solayotganimda, u darrov kelib, egilib paypog‘imni kiydira boshladi.

Deraza ochiq edi. Birdan hudhudning sayraganini eshitib qolib, tilla topgan tentakday unga "Eshityapsanmi? "Ufufuk", "Ufufuk"!"dedim.

Shu joyida tushim yo‘qolib qoldi. Yo‘q hali uyqudaman. Uyg‘onib ketganim yo‘q, lekin qanchalik qidirmay aynan o‘sha tushni topolmay qoldim. U men yaxshi ko‘radigan kulgusi bilan yo mayus kuldimi, mehr bilan yo siniq jilmaydimi, bilolmay qoldim.


BAYRAM AYTMURATOV

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar