Farg‘ona viloyati. Murojaatga munosabat
21.
02. 2021
20:45
5392
Ekanadzor

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani «Sho‘rsuv» qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonasi tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar tashlayotganligi to‘g‘risidagi xabar Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan mutasaddilar bilan joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganishlarga ko‘ra, mazkur bayon etilgan hududda qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 35 ta xususiy korxona mavjud. Hududning atmosfera havosini asosiy ifloslantirayotgan korxonalar gips ishlab chiqarish korxonalaridir.

Murojaat joyiga chiqib o‘rganilganda, haqiqatan ham atrof-muhitga qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalaridan atmosfera havosiga chang ko‘tarilganligi aniqlandi.

Ma’lumot o‘rnida eslatib o‘tish zarurki, hududda yashovchi aholidan kelib tushgan shikoyat va arizalarga asosan Farg‘ona viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda 2020 yil «Sho‘rsuv» MFYda joylashgan «Turon Professional Futbol Kulubi», «Moderna cement industries», «Arabella klass gips» va «Yaypan gips» MChJ korxonalarida tekshiruvlar olib borilgan.

Tekshirish yakunlari bo‘yicha korxonalarga chang va gaz ushlash qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha majburiy topshiriqlar berilgan bo‘lib, yuqorida zikr etilgan korxonalar tomonidan chang va gaz ushlash qurilmalari o‘rnatilgan. Shuningdek, korxona rahbarlariga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, hududiy ma’muriy sud organlariga qonuniy choralar ko‘rish uchun yuborilgan.

2021 yil 10 fevral kuni Davlat ekologiya qo‘mitasining mobil labaratoriyasi yordamida Sho‘rsuv MFY hududida ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chang va gaz miqdorini o‘lchash maqsadida tahlil ishlari amalga oshirildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, azot ikki oksidi belgilangan me’yordan 1,1 marta, uglerod oksidi 2,7 marta, oltingugurt 1,4 marta, umumiy chang 1,9 marotaba belgilangan me’yordan ortganligi kuzatildi. Hozirda mazkur hududda qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganish ishlari davom etmoqda. Batafsil ma’lumotlar qo‘shimcha tarzda ma’lum qilinadi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar