Rasmiy munosabat
16.
04. 2021
20:37
5315
Yangiliklar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R. Kusherbaevning Yangiyo‘l shahar oqova tozalash inshooti xususidagi murojaati bo‘yicha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Ushbu shikoyat qo‘mitaning Suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boshqarmasi, Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi va Atrof-muhit ifloslanishi monitoringi bo‘limi mutaxassislari bilan birgalikda joyiga chiqib o‘rganildi.

Yangiyo‘l tumani oqova suv tozalash inshooti 1972 yilda qurilgan bo‘lib, ma’nan eskirgan, sanitariya himoya zonasi to‘liq tashkil etilmagan. Inshoot Yangiyo‘l shahri aholisidan va 120 dan ortiq sanoat korxonalaridan hosil bo‘ladigan oqovalarni tozalashga mo‘ljallangan. Loyihaviy quvvati kuniga 76 ming. m3, amalda 15-19 ming m3 tashkil qilmoqda.

Hozirgi kunda inshoot oqovalarni tozalanmasdan (mexanik va biologik tozalashdan jarayonidan o‘tkazmasdan), belgilangan tartibga zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Salar-2» kanaliga chiqarmoqda. Bunda faqatgina xlorli eritma bilan qo‘lbola qurilmadan foydalanib zararsizlantirilmoqda. Inshootdagi texnologik va muhandislik jihozlari mukammal ta’mirga muhtoj.

Mazkur qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun filial rahbariga nisbatan MJtKning 72-modda 1-qismi bilan BXM ning 5 barobari miqdorida ma’muriy chora ko‘rildi. Laboratoriya tahlil natijalari bo‘yicha atrof muhitga oqovalar tashlamalari bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari qayta qo‘rib chiqiladi.

Tozalash inshootida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 sentyabrdagi 809-sonli qarori bilan tasdiqlangan manzilli dasturga muvofiq «Komfort Injenenring» MChJ tomonidan kapital ta’mirlash ishlari boshlangan bo‘lib, loyiha doirasida respublika byudjeti hisobidan 9 955 mln so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Qurilish-montaj ishlarini joriy yilning yakuniga qadar tugallash rejalashtirilgan va bu jarayon ustidan nazorat olib borish Qurilish vazirligiga topshirilgan.

Aerotenk va radial tindirgich hovuzlari loyqadan tozalangan.Keyinchalik rekonstruktsiya ishlari to‘xtab qolgan. Hozirda oqovalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Salar-2» kanaliga chiqarib kelinmoqda.

Toshkent viloyat ekologiya boshqarmasi tomonidan 2020 yil 14 avgust kunida o‘tkazilgan ekologik nazorat tadbirlari davomida ham inshootdan oqova suvlar tozalamasdan oqizayotganligi aniqlangan. Mazkur qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun filial rahbariga nisbatan MJtKning 72-modda 1-qismi bilan BXMning 5 barobari miqdorida ma’muriy chora ko‘rilgan hamda oqova suvlardan tahlillar olinib, uning natijalariga ko‘ra kompensatsiya to‘lovlarihisob-kitob qilingan.

Shu bilan birga, atrof-muhitni ifloslantirganligi uchun «Toshkent Suv Ta’minoti» MChJ Yangiyo‘l shahar filialiga nisbatan tegishli chora ko‘rish yuzasidan 14.08.2020 yil 01/09-2232-son bilan Toshkent viloyati Chirchiq shahar tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilgan.

Mazkur sudning qaroriga muvofiqatrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi uchun 314 mln so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari undirib olingan. Bugungi kunda Yangiyo‘l shahar filialining kompensatsiya to‘lovlaridan 39 mln so‘m miqdorida qarzdorligi mavjud. Davlat ekologiya qo‘mitasi mazkur muammo yechimi yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida olib borilayotgan nazorat ishlarini izchil davom ettiradi. 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish davlat qo‘mitasi
Matbuot xizmati 

 


 

Foydali manbalar