O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari I. Boqijonov Surxondaryo viloyatida jismoniy va yuridik shaxslarning sohaga oid murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi.
Ochiq muloqotda fuqarolarning 33 ta murojaati tinglanib, ularni birgalikda hal etish yo‘llari izlandi. Jumladan, Termiz shahridagi Jo‘yjangal mahallasida yashovchi Shahodat Valieva hududda maishiy chiqindilar to‘planib qolayotganidan arz qilib, ularni belgilangan vaqtda chiqindi qutilaridan olib chiqib ketish masalasini o‘rtaga tashladi.
Denov tumanidagi «Bo‘ston baraka» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shavkat Soirov tumanda chiqindi klasterini tashkil etishda amaliy yordam so‘rab, murojaat etdi.
Termiz shahridagi Tinchlik mahallasilik Baxtiyor Jo‘naev Sherobod tumanidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasi hududidan dam olish maskani qurishga ruxsat olishda yordam ko‘rsatishni iltimos qildi. Uzun tumanidagi Navro‘z mahallasi jome masjidiga quyosh batareyasi o‘rnatib berish xususidagi murojaat ham atroflicha ko‘rib, chiqilgach, bu masala o‘z yechimini topadigan bo‘ldi.
Rais o‘rinbosari Angor tumanidagi «Biotexnoeko» mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilariga jome masjidiga zamonaviy quyosh batareyasi o‘rnatish yuzasidan tegishli topshiriq berdi.
Sayyor qabulda uchta murojaat joyida hal etildi. Vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha aniq muddat belgilanib, ijrosi qatiy nazoratga olinadigan bo‘ldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA
Manba: https://www.uza.uz/uz/posts/sayyor-qabulda-uchta-...
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati