«Ekologiya qo‘mitasi qirilib ketish arafasidagi Amudaryo katta kurakburunini ovlashga ruxsat bergan» mazmundagi xabar yuzasidan munosabat
11.
06. 2021
09:32
4631
Ekanadzor

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Ekologiya qo‘mitasi qirilib ketish arafasidagi Amudaryo katta kurakburunini ovlashga ruxsat bergan» sarlavha ostidagi xabar yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Kazakov quyidagilarni ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitobi»ga kiritilgan kamyob va yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvon turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyuldagi «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida» O‘RQ-627-son Qonunining qoidalariga muvofiq alohida tartibda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Fanlar akademiyasining 2020 yil 4 dekabrdagi 4/1255-2728-son xulosasiga muvofiq, «Qizil kitob» ga kiritilgan 10 dona Amudaryo katta kurakburun baliq turiga kvota ajratilgan. Ushbu ajratilgan kvota yuridik shaxs tomonidan ko‘paytirish va kelajakda ma’lum bir qismini respublikamizning tabiiy suv havzalariga qo‘yib yuborish maqsadida so‘ralgan. Biroq, bugungi kunga qadar ajratilgan 10 dona Amudaryo katta kurakburun baliq turini ovlashga ruxsat berish bo‘yicha ariza kelib tushmagan. Shu sababli hech kimga ruxsatnoma ham rasmiylashtirilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan yovvoyi hayvon turlarini saqlab qolish, ko‘paytirish maqsadida ularni tabiiy yashash muhitlarida va sun’iy tashkil etilgan pitomniklarda ko‘paytirish, shuningdek qayta yetishtirish ishlarini amalga oshirish lozim.

Davlat ekologiya qo‘mitasi yovvoyi hayvonlarni ayniqsa, «Qizil kitob» ga kiritilgan hayvonlarni ko‘paytirish va tabiiy yashash muhitiga qo‘yib yuborish bilan shug‘ullanuvchi, mamlakatimiz faunasini saqlab qolishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu bilan birga xabarda ma’lum qilingan – «Shu yilning ikki oyida baliqning 50 dan ortig‘i ovlangan» to‘g‘risidagi aniq dalillar Davlat ekologiya qo‘mitasiga taqdim etilsa, huquqbuzar shaxslarga nisbatan barcha zarur choralar ko‘riladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar