«Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri «Tabassum-2» MFYdan yozyapmiz. 14-maktab ro‘parasidagi ko‘p qavatli uy yonidagi hech kimga xavf tug‘dirmaydigan 2 tup ko‘rkam gujum daraxti ekologlar ruxsati bilan kesilmoqda edi. Biz fuqarolarni daraxtlarni saqlab qoldik. Endi daraxtlarni ekologiya xodimlarining o‘zidan himoya qilamiz shekilli?!» sarlavhasi ostida xabar e’lon qilindi.
Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi shuni ma’lum qiladiki, boshqarmaga Davlat xizmatlari portali orqali joriy yilning 28 iyun kuni 33069720-sonli (2 tup qayrag‘och daraxti yon shoxlariga shakl berish va butash uchun) murojaat kelib tushgan. Murojaat boshqarma inspektorlari tomonidan o‘rganilganda 2 tup qayrag‘och daraxtlarining shoxlari elektr simlariga tegib qolganligi ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘rsidagi» gi qarori ilovasi bilan tasdiqlangan «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish, kesish hamda, daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 34-bandi, 2-xatboshisi bo‘yicha murojaat muallif Bekmurodov Alisherga tushuntirish berilib, Qarshi shahar nazorat inspektsiyasi inspektorlarining nazorati ostida elektr simlariga tegib qolgan ikki tup qayrag‘och daraxtining yon shoxlariga shakl berish va butash uchun maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida javob berilgan.
Murojaatda ko‘rsatilgan 03/15-27-519-sonli xatda ham barcha ma’lumotlar aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Bu murojaat bo‘yicha yo‘llangan javob xati amaldagi o‘rnatilgan tartib bo‘yicha yozilgan, hech qanday xato-kamchiliklar yoki e’tiroz bildiruvchi sabablar mavjud emas. Murojaat qonuniy asosda ko‘rib chiqib, mazmunan hal etilgan.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati