Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati YuNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritildi
17.
09. 2021
07:43
4689
Tadbirlar

MAB (Man and the Biosphere Programme) dasturi 2021 yilda o‘zini 50 yilligini nishonlaydi.

13-17 sentyabr kunlari “Inson va biosfera” dasturining Xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashining 33-sessiyasi Abudja shahrida (Afrika) bo‘lib o‘tdi.

15-sentyabr kuni “Inson va biosfera” dasturi doirasida 33-Xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashining qarori bilan 21 mamlakatdan 20 ta yangi ob’ekt Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritildi.

Ushbu tarmoq dunyoning 131 mamalakatidagi 727 rezervatlarni, shu jumladan 22 transchegaraviy ob’ektlarni o‘z ichiga oladi.

YuNESKOning biosfera rezervatlari hozirda yer yuzining 5% dan ortig‘ini egallaydi hamda biologik-xilmaxillikni saqlash, ekologik ta’lim, tadqiqot va barqaror rivojlanishni birlashtiradi.

Yangi kiritilgan ob’ektlar qatoriga O‘zbekiston Respublikasining Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati qo‘shildi.

Baday-tuqay davlat qo‘riqxonasi negizida Vazirlar Mahkamasining 2011 yili 26 avgustdagi 243-sonli qarori asosida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati tashkil etildi.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy va Amudaryo tumanlari xududlarida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 68 717,8 gektarni tashkil qiladi. Shundan 11 568,3 gektar qo‘riqxona zonasiga, 6 731,4 gektar bufer zonasiga, 5 0418,1 gektar o‘tish zonasiga ajratilgan.

Biosfera rezervatining asosiy vazifasi – landshaftlarini, tuqaylardagi o‘simlik va xayvonot dunyosi turlarini, jumladan, kam uchraydigan va yo‘q bo‘lib ketish havfi ostidagi turlarni biosfera rezervati hududiga xos boshqa tabiat obektlarini saqlab qolish va qayta tiklashdan iborat.

Biosfera rezervatida 419 yuksak o‘simlik turlari uchrashi aniqlangan bo‘lib, shundan 2 tur O‘zbekiston Respublikasi “Qizil Kitobi” ga kiritilgan noyob o‘simlik turlari hisoblanadi.

Biosfera rezervati hududida 36 tur sut emizuvchi, 246 tur qushlar, 29 tur sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchi, 43 tur baliqlar sinfiga mansub hayvonlar uchrashi qayd etilgan. Mazkur turlardan 36 tur hayvon O‘zbekiston Respublikasining “Qizil Kitobi” ga, 18 tur esa Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi Qizil ruyxatiga kiritilgan noyob hayvonlar hisoblanadi.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining asosiy g‘ururi Buxoro bug‘isi (Cervus hanglu bactrianus) hisoblanib, shu yil bahorda o‘tkazilgan sanoq natijalariga ko‘ra hududda 1400 boshdan ortig‘i yashaydi.


Xalilulla Sherimbetov,
Davlat ekologiya qo‘mitasining
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar
boshqarmasi boshlig‘i

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar