Brakonyerlarga qatʼiy jazo choralari koʻriladi
05.
03. 2023
18:19
4329
Yangiliklar

Tabiat resurslari vazirligi tasarrufidagi “Surxon” davlat qoʻriqxonasi xodimlari noyob jonivor boʻlgan morxoʻrning noqonuniy ovlanishi bilan bogʻliq holatni fosh etishdi.

Joriy yilning 4-mart kuni taxminan soat 10ººlarda qoʻriqxonaning asosiy maydoniga 3 nafar shaxsi nomaʼlum fuqarolar noqonuniy ravishda kirganligi aniqlandi. Holat yuzasidan qoʻriqxona bosh mutaxassisi T.Normurodov, qoʻriqlash xodimlari B.Toshboltayev, I.Eshaliyev va J.Eshaliyevlardan iborat tezkor reyd guruhi tuzilib, qoʻriqxona hududida kuzatuv ishlari olib borildi.

Kuzatuv ishlari davomida qoʻriqxonaga yaqin hududda harakatlanib ketayotgan “Nexia-2” rusumli avtomashina xodimlarda shubha uygʻotdi. Vandob mahallasida yashovchi fuqaro X.Bga tegishli boʻlgan ushbu avtomashina toʻxtatilib, yukxonasi koʻzdan kechirilganda bir bosh burama shoxli echki (morxoʻr)ning goʻshti boʻlaklangan holda olib ketilayotganligi aniqlandi. 

Surishtiruv ishlari davomida Sherobod tumanining Vandob mahallasida yashovchi fuqaro Sh. A. va Angor tumanida yashovchi fuqaro I. Oʻ. qonunga xilof ravishda qoʻriqxonaning Vandob boʻlimi Daraygʻulsoy massividan ovchilik  ruxsatnomasi boʻlmagan “IJ-17-32” kalibrli bir stvolli ov miltigʻi va 
1 dona pnevmatik qurol bilan Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan 1 bosh morxoʻrni otib nobud qilganligi maʼlum boʻldi.

Aniqlangan holat boʻyicha “Surxon” davlat qoʻriqxonasi, viloyat IIB, tuman IIB xodimlari va xolis guvohlar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda huquqbuzarlarga tegishli boʻlgan ov qurollari va fuqaro X.Bga tegishli avtomashina tuman IIB xodimlariga topshirildi. 

Shuningdek, huquqbuzarlardan ovlangan morxoʻr goʻshti hamda 8 dona otilmagan va 4 dona ishlatilgan – jami 11 dona ov miltigʻi oʻqlari qonuniy toʻxtamga kelgunga qadar xolis guvohlar ishtirokida bayonnoma rasmiylashtirilib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Noqonuniy ovchilarning yovvoyi hayvonot dunyosiga keltirgan zarari  Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktyabrdagi 290-sonli qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 14-ilovasiga asosan 180 000 000 (bir yuz sakson million) soʻmni tashkil etdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, morxoʻr (Capra falconeri) — Oʻzbekiston va xalqaro  Qizil Kitobiga kiritilgan, togʻ echkilari urugʻiga mansub noyob hayvon turi hisoblanadi.  Mazkur noyob hayvon turini nobud qilish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.

Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, Surxondaryo viloyat prokuraturasiga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda. 

Huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qatʼiy jazo choralari koʻrilishi maʼlum qilinadi.

Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

Foydali manbalar