Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o'tkazildi
22.
05. 2023
20:42
2671
Yangiliklar

Bugun Toshkent hayvonot bog‘ida 22-may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlab konferensiya va davra suhbati bo‘lib o‘tdi.  

“Biologik xilma-xillikni asrash va uni muhofaza qilish masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Tabiat resurslari vazirligi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov xalqaro biologik xilma-xillik kunining asosiy vazifasi - Yer yuzidagi ko‘plab flora va fauna vakillarining qaytarib bo‘lmaydigan darajada yo‘q bo‘lib ketishi muammosiga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish ekanligini ta'kidladi. 

"Maqsad 2030-yilga qadar dunyo bo‘ylab tanazzulga uchragan ekotizimlarni 30 foizga qayta tiklash, ma’lum turlarning yo‘q bo‘lib ketishini to‘xtatish va 2050-yilga kelib barcha turlarning yo‘q bo‘lib ketish xavfini o‘n barobarga kamaytirishdir, – dedi A. Abduhakimov. – Shuningdek, 2030-yilgacha pestitsidlar xavfini kamida 50 foizga kamaytirish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va o‘rmon xo‘jaligi uchun ajratilgan hududlarni barqaror boshqarish va agroekologiya hamda boshqa bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan amaliyotlarni sezilarli darajada oshirish lozim. Ko‘rinib turibdiki, har birimizning oldimizda biologik xilma-xilligimizni saqlab, kelajak avlodga yetkazish vazifasi turibdi. Tabiatni asrashni aynan bugundan boshlashimiz zarur".

Toshkent davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda Tabiat resurslari vazirligining Bioxilma-xillik siyosatini yuritish bo‘limi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov "Respublikamizda bioxilma-xillik siyosatini yuritishning asosiy yo‘nalishlari" mavzusida ma’ruza qildi. 

Shuningdek, Italiya, Misr, Shveytsariya va qozog'istonlik mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Qolaversa, konferensiyada “Biologik xilma-xillikni asrash va uni muhofaza qilishda innovatsion yondashuvlar”, “Biologik xilma-xillikni asrashda Qizil kitobning ahamiyati” va boshqa muhim mavzularga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, "Biologik xilma-xillikni asrashda Qizil kitobning o'rni va ahamiyati", "Biologik xilma-xillikni asrashda hayvonot bog‘larining o‘rni va insoniyatning tabiatga bo‘lgan munosabatini shakllantirishning huquqiy asoslari", "Hayvonot bog‘ida noyob hayvonot dunyosini saqlash va ularning turini ko‘paytirishning ahamiyati" kabi mavzularda ham ma'ruzalar qilindi. 

Tadbir yakunida yoshlar o‘rtasida bioxilma-xillikni asrashga qaratilgan ijodiy tanlov o‘tkazilishi ma'lum qilindi.

Ta'kidlash joizki, bioxilma-xillikni saqlab qolish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Foydali manbalar