Joriy yilning 29-may kuni 16–20-oktabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston tomonidan tashkiliy qo‘mita o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Madridga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Aziz Abduhakimov UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili va bo‘lajak Bosh Assambleyaning asosiy tadbirlari va yordamchi tadbirlarini o‘tkazish uchun mas’ul ishchi guruhlar a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tadbirlarning dastlabki dasturi, tashkiliy masalalar, yalpi va sessiya majlislari uchun taklif etilayotgan kun tartibi va reglamenti atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, tadbir doirasida Investitsiya forumi, Taʼlim boʻyicha vazirlar paneli sessiyasi, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” turizm forumi, ekoturizm festivali, eng yaxshi “sayyohlik qishloqlari”ni taqdirlash marosimi va boshqa tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilganligi qayd etildi.
Qolaversa, UNWTO Bosh kotibi Z.Pololikashvilining 2022-yil noyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Respublika hukumati tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi, jumladan, Samarqand shahrida UNWTO Xalqaro turizm akademiyasining ochilishi, YUNVTOning Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” hududiy tematik ofisi, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm mukofotini ta’sis etish va bir qator boshqa masalalar borasida ham fikr yuritildi.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Bosh Assambleyadan jahon hamjamiyatini maksimal darajada xabardor qilish maqsadida joriy yilning iyun va oktyabr oylarida jahon ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bir qator press-turlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Z.Pololikashvili UNWTO O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Bosh Assambleya mamlakat va jahon turizm sanoatida tarixiy voqea bo‘lishi uchun barcha ishni qilishini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan UNWTO bilan birgalikda mazkur tadbirlarga nafaqat UNWTOga aʼzo 150 ga yaqin davlatning rasmiy delegatsiyalari, balki xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yirik sayyohlik kompaniyalari direktorlari va investorlarni ham jalb etish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisidagi Bitim imzolandi, uni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan UNWTO Bosh Assambleyasini Samarqand shahrida oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita oʻrinbosari Aziz Abduhakimov va UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili imzoladi.