Yoshlar orasida ekologik madaniyatni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi
21.
06. 2023
16:35
3341
Yangiliklar

20-iyun kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi rahbariyati hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. 



Uchrashuvda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining birinchi oʻrinbosari Obidjon Qudratov, Yoshlar parlamenti raisi Shahnoza Joldasova, yoshlar yetakchilari, yosh ekofaollar ishtirok etdi. 

Tadbirda nutq soʻzlagan Obidjon Qudratov vazirlik tomonidan yoshlarning ekologik faolligini yanada oshirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirib kelinayotganligini ta’kidladi. 



“2022–2023-yillar davomida yoshlarga doir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, ularni yot gʻoyalardan asrash, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida 16 ta targʻibot tadbirlari tashkil etildi, – dedi O. Qudratov. – Qolaversa, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ilm-fanga boʻlgan qiziqishini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadida 60 nafar yoshlardan iborat “Yoshlar sardori” guruhi shakllantirildi. Yoshlar oʻrtasida ekoturizmni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan, Buxoro viloyatlarida “Yosh ekologlar bogʻi” tashkil etildi”.

Uchrashuv davomida: 
– «Yosh ekologlar» harakati doirasida tuman, shahar va respublika darajasida atrof-muhit muammolari yuzasidan «Tabiatga mehr» innovatsion va intellektual loyihalar tanlovini oʻtkazish;
– ommaviy axborot vositalarida «Tabiat madhiyasi» (musiqa va matni) uchun tanlov e’lon qilish va gʻoliblarni aniqlash;
– tabiatni asrab-avaylash borasida butun jahon va mamlakatimizda nishonlanadigan muhim ekologik sanalarga bagʻishlab tadbirlar tashkil etish va unda «Yosh ekologlar» harakati faollarini ragʻbatlantirish;
– yosh ekologlar safini kengaytirish maqsadida «Yosh ekologlar» harakati qurultoyini tashkil etish, tarixiy shaharlarda (Toshkent, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm) yirik anjumanlar oʻtkazish;
– tabiatga doir innovatsion loyiha va natijador takliflarga ega salohiyatli yoshlar uchun «Yosh ekologlar» harakati koʻkrak nishonini ta’sis etish orqali yoshlar jamoasini shakllantirish kabi masalalar muhokama qilindi.



Uchrashuvdan maqsad yoshlar oʻrtasida ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir qonun va qarorlarni ishlab chiqishda yoshlar ishtiroki va faolligini ta’minlashdir.

Foydali manbalar