Samarqandda yovvoyi hayvonlarning ko'chib yuruvchi turlarini saqlashga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
04.
07. 2023
18:36
3182
Yangiliklar

2023-yilning 20-iyun kuni Berlinda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda BMT Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlashga doir  konvensiyasi (CMS konvensiyasi) Ijrochi kotibi E. Frenkel o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Ma'lumot uchun, CMS konvensiyasi yoki Bonn konvensiyasi 1979-yilda Bonnda (Germaniya) qabul qilingan. Konvensiyaga 133 ta davlat a'zo. O'zbekiston 1998-yilda konvensiyani ratifikatsiya qilgan va ko'plab ko'chib yuruvchi jonzotlar: saygʻoq, qor qoplon, Buxoro bugʻusi, arxar, qulan, jayron, flamingo, Sibir turnasi va boshqalarning vatani hisoblanadi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi va BMT o‘rtasida joriy yilning 23–28-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Konvensiya Tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishini (CMS COP-14) o‘tkazish to‘g‘risida Bitim imzolandi. 

Shuningdek, 1200 ga yaqin ishtirokchilar, konvensiyaga aʼzo mamlakatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari, xalqaro ekologik tashkilotlar (IUCN, UNEP, GEF, WWF) rahbarlari, yetakchi ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilayotgan global tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, konferensiya doirasida rasmiy va norasmiy tadbirlar, ko‘rgazmalar tashkil etish masalalari haqida ham so‘z yuritildi.

Uchrashuvda konferensiyaning rasmiy ochilish kunidan avval Konvensiya Doimiy qo‘mitasining 54-yig‘ilishi va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yuqori darajadagi davra suhbatini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining avvalgi 13-yig‘ilishi 2020-yilda Gandinagarda (Hindiston) bo‘lib o‘tgan. CMS COP ga Filippin, Ekvador, Italiya, Germaniya, Shveytsariya kabi davlatlar ham mezbonlik qilgan.

Mazkur tadbir mamlakatlarning tabiiy hududlarni boshqarishda transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish orqali migratsiya turlarini saqlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etish kerakki, CMS COP-14 natijasida bir qator strategik ahamiyatga ega hujjatlar qabul qilinishi, yangi xalqaro tashabbuslar boshlanishi hamda yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlari va ularning yashash joylarini saqlash sohasida chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning, xususan, Samarqand shahrining turizm salohiyati va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Foydali manbalar