Maishiy chiqindilarni qayta ishlash faoliyati bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi
19.
07. 2023
18:09
4391
Yangiliklar

Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent shahri va viloyati hududida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press tur tashkil qilindi. 

Tadbir davomida OAV xodimlari dastlab Toshkent shahri, Yangihayot tumanidagi "Profpack" qog'oz chiqindilarini qayta ishlab chiqarish korxonasida bo'lishdi. 

"Aholi sonining oshib borishi va ehtiyojlarning ortishi o‘z navbatida chiqindilarning ko‘payishiga ham sabab bo‘lmoqda, — dedi Ekologiya vazirligining Chiqindilarni boshqarish siyosatini belgilash bo'limi bosh mutaxassisi Umarjon Abdullayev. — Jumladan, respublikamizda yiliga 7 mln tonnadan ortiq maishiy chiqindi hosil bo'ladi. Bu chiqindilar 300 ga yaqin chiqindilarni qayta ishlash korxonalariga yuboriladi. Chiqindilarning 25-30 foizini qayta ishlash imkoni mavjud".



"Profpack" korxonasida dastlab qog'oz chiqindilar qozonda ivitilib, pichoqda maydalab olinadi. Keyin qog‘oz ishlab chiqaruvchi mashinaga solinadi. Shu tarzda bosqichma-bosqich quritilib, tayyor qog'oz ko'rinishiga keltiriladi. 





"Bir sutkada 120 tonnagacha chiqindini qayta ishlab chiqaramiz. Talabga qarab har xil ko'rinishda qog'oz qutilar tayyorlab beramiz. Korxonamizda 400 ta ish o'rni mavjud bo‘lib, hozirda 300 nafar xodim ish bilan ta'minlangan, — dedi "Profpack" korxonasi injener-ekologi Farrux Imomaliyev. — Qog'oz chiqindilarni qayta ishlash orqali daraxtlarni ham saqlab qolamiz. Masalan, 1 tonna mahsulotni qayta ishlab chiqarganimizda 17 ta daraxtni kesilishdan asraymiz. Bir kunda o‘rtacha 100 tonna qog'oz chiqindilarni qayta ishlasak, 1700 ta daraxtni kesishga hojat qolmaydi". 



Press-tur Yunusobod tumanidagi chiqindilarni tashish stansiyasida davom etdi. 

"Yunusobod tumanidagi chiqindilarni tashish stansiyasi to'liq ta'mirlangan va Germaniyadan keltirilgan texnika vositalari bilan ta'minlangan, — dedi Qayta yuklash va chiqindilarni yo‘q qilish bo‘yicha “Maxsustrans” filiali rahbari  Rafael Bekmullin. — Bu yerga chiqindilar saralangan holda olib kelinadi. Ular ochiq holda saqlanmaydi va 24 soat ichida olib chiqib ketiladi".   



Toshkent shahar "Maxsustrans" ishlab chiqarish boshqarma boshlig'i o'rinbosari Ismoil Sa'dullayev esa chiqindilarni olib ketish uchun yangi texnika vositalari xarid qilinganini aytib o'tdi.

"Hukumat tomonidan 69 million dollarlik imtiyozli kredit ajratildi. Bu mablag'ga biz 341 tadan ortiq zamonaviy texnika vositalarini xarid qildik. Shuningdek, shahar uchun 18 000 dan ortiq qutilar sotib olindi, — dedi u. —  Toshkent shahrida kuniga 2300-2400 tonna chiqindi chiqadi. Bu chiqindilar kun davomida "Maxsustrans" texnikalari yordamida chiqindi yig'ish stansiyalariga olib boriladi. Belgilanmagan joylarga tashlab ketilgan chiqindilar uchun alohida, qurilish chiqindilari uchun esa alohida mashinalar ajratilgan". 

I. Sa'dullayevning ta'kidlashicha, chiqindilarni qayta ishlashni 50 foizga yetkazish ko'zda tutilgan. 

Press-tur yakunida OAV xodimlari Ohangarondagi chiqindi poligoni faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. 

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida hosil boʻlgan qattiq maishiy chiqindilar Toshkent viloyatida joylashgan Ohangaron poligoniga olib chiqiladi. 2022-yilning 9 oyi davomida jami 998 857 m3 (399 542 tonna) qattiq maishiy chiqindi yig'ilgan va 95 643 tonnasi qayta ishlangan. Shundan 6 997,4 tonnasi polimer chiqindilari, 18 753,98 tonnasi qogʻoz chiqindilari, 346,7 tonnasi rezina chiqindilari, 46,6 tonnasi tekstil chiqindilari, 4 504,1 tonnasi shisha, 64 994,42 tonnasi metall chiqindilari va 0,57 tonnasi boshqa turdagi chiqindilardir.

Foydali manbalar