Ekologiya vazirligi huzuridagi "Green University"ga rektor tayinlandi
25.
07. 2023
11:18
5363
Yangiliklar

2023-yil 24-iyuldan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish universiteti ("Green University") rektori lavozimiga Salixov Jasur Shavkatovich tayinlandi.

Jasur Salixov 1976-yilda Toshkent shahrida tug'ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (bakalavr)ni tamomlagan. 

Ta'kidlash joizki, Jasur Salixov katta xalqaro ilmiy tajribaga ega. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va Hamdo‘stlik vazirligining “Chivning” stipendiyasi (FCO Chevening Scholarship) sohibi. Buyuk Britaniyaning “York” universitetida magistr darajasini egallagan. Shuningdek, Yaponiyaning “Vaseda” universitetini Xalqaro strategiya yo’nalishi bo’yicha magistrlik darajasini tamomlagan hamda Buyuk Britaniyaning “Oksford” universiteti “Oriel” kollejida tadqiqotchi sifatida faoliyat olib borgan. 

Jasur Salixov 2007-yilda Oʻzbekistondagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, fan doktori – dotsent darajasini qo‘lga kiritgan. 

Bundan tashqari, J.Salixov Yaponiya fondi aʼzosi boʻlgan va Tokio universitetida doktorlik dissertatsiyasidan keyingi ilmiy tadqiqotlarni yakunlagan. 15 yildan ortiq vaqt davomida Iqtisodiyot, Mikroiqtisodiyot va tegishli fanlardan ma'ruzalar o‘qigan va seminarlar o‘tkazgan. 

Solihov bungacha Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti ijtimoiy rivojlanish departamenti direktori, moliya va boshqaruv prorektori lavozimlarida ishlagan.

J. Salixov 2014-yildan 2023-yil boshiga qadar Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti rektori sifatida faoliyat yuritgan. Rahbarlik davrida Buyuk Britaniyaning “Bangor” va “Sandrlend” universitetlari hamda yangi qo‘shilgan “Tissayd” universitetlarining bir nechta yangi o'quv dasturlarini joriy etgan.

Ma'lumot uchun, "Green University"ning Vasiylik kengashi bo‘lib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov to'g'ridan-to'g'ri kengash raisi hisoblanadi. Kengash hamraislari esa Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirliklari tomonidan tavsiya qilinadi. 

Kengash tarkibidan, shuningdek, Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining mas'ul xodimlari, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bosh direktori, BMT Rivojlanish dasturi doimiy vakili va boshqa ekologiya sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari o‘rin olgan.

 

Foydali manbalar