Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vaziri Аziz Аbduhakimov Fargʼona hayvonot bogʼiga tashrif buyurib, bog‘da yaratilgan shart-sharoitlar va muammolarni oʼrgandi.
“Hayvonot bog‘idagi jonivorlarning sog‘lom oʼsishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishimiz kerak, — dedi А. Аbduhakimov. — Bu oʼz navbatida noyob va ekzotik hayvonlar turi koʼpayishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, hayvonot bogʼiga tashrif buyuruvchi sayyohlarning ham soni ortadi”.
Vazir hayvonot bogʼini koʼzdan kechirarkan, yangi hayvonlarni olib kelish uchun maydon yetarli emasligini taʼkidladi. Shuningdek, yirtqich va tuyoqli hayvonlar volyerlari oraligʼi juda yaqin ekanligini, bu esa tuyoqli hayvonlarda qoʼrquv hissini kuchaytirishi va stressga sabab boʼlishini aytib oʼtdi.
Muammolarni bartaraf etish uchun hayvonlar bosh soni koʼpayayotganini inobatga olib, yirtqich va tuyoqli hayvonlarga qoʼshimcha kattaroq yangi volyerlar qurish taklif qilindi. Qolaversa, bogʼ hududida noyob va ekzotik hayvonlar turini koʼpaytirish maqsadida hayvonot bogʼining orqa qismida joylashgan “Elektrtarmoqqurilish” АJga qarashli boʼlgan 1 gektar yer maydoni va bogʼning oʼng tomonidan oʼtuvchi tashlama kanalni bogʼ hududiga qoʼshish choralarini koʼrish vazifasi topshirildi.
Bundan tashqari, vazir Fargʼona hayvonot bogʼida hayvonlarga sifatli ozuqa yetkazib berish maqsadida laboratoriya xonasi tashkil qilish kerakligini qayd etdi.
Maʼlumot uchun, “Fargʼona hayvonot bogʼi” 2016-yilning 16-dekabrida tashkil etilgan. Umumiy yer maydoni 3,2 gektarga teng boʼlib, 105 turdagi hayvonlar va 274 dona qushni uchratish mumkin.