Farg‘onadagi korxonada changdan briketlar tayyorlanmoqda
29.
08. 2023
12:46
2640
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanidagi “Global textile infinity” to‘qimachilik korxonasiga press-tur tashkil etildi. 

Press-turda Ekologiya vazirligi masʼullari, vazirlikning Farg‘ona, Аndijon, Namangan viloyati boshqarmalari xodimlari, jurnalist hamda blogerlar qatnashdi. 

Ma’lumot uchun, “Global Textile Infinity” mamlakatimizdagi eng yirik va zamonaviy uskunalarga ega bo‘lgan yetakchi to‘qimachilik korxonalaridan biridir. 2000 ta ish o‘rni yaratilgan korxonada eng yaxshi ip-kalava, kulrang va bo‘yalgan trikotaj matolarni ishlab chiqarish bilan birga paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaga Shveytsariyaning “Rieter machine works” uskunalari o‘rnatilgan, shuningdek, sifat laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Korxonada ekologiya va atrof-muhitga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillarni bartaraf etish hamda ularning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada istiqbolli loyihalarning amalga oshirilayotgani ham muhim jihatlardan biri sanaladi. Press-tur davomida ishtirokchilarga mazkur loyihalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Xususan, korxonada “yashil iqtisodiyot”dan kelib chiqqan holda ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanmoqda. Inshootning tom qismiga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.

Korxonada ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan changlardan tayyorlanayotgan briketlar, ayniqsa, ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Maʼlum qilinishicha, korxonaga o‘rnatilgan zamonaviy va eng so‘nggi texnologiyalar chang-gazlarni atmosferaga chiqarib yubormasdan, maxsus qurilmalarda ushlab qoladi. To‘plangan chang qayta ishlanib, briket qilinadi, natijada korxonaning ekologiyaga bo‘lgan taʼsiri ham kamayadi.

Press-tur davomida korxonada yomg‘ir va qor suvlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha bilan ham tanishtirildi. Ta’kidlash kerakki, korxonaning tom qismida hosil bo‘lgan yomg‘ir va qor suvlari shunchaki oqizib yuborilmaydi, balki maxsus idishlarda to‘planadi va to‘plangan suv filtrdan o‘tkazilgandan so‘ng hududdagi obodonlashtirish ishlari va daraxtlarni sug‘orishga sarflanadi. 

Tadbir davomida ishtirokchilar korxonaning yashil maydoniga ekilgan daraxtlarni ko‘zdan kechirishdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida korxonaning 1,8 gektar yeriga kuz va bahorgi daraxt ekish mavsumida yana 1000 tupdan ortiq daraxtlar ekilishi rejalashtirilgani haqida maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.

Foydali manbalar