"Stixiya": ekologik madaniyat va yoshlar turizmini rivojlantirishga qaratilgan elektron musiqa festivali
04.
09. 2023
14:27
2478
Yangiliklar

31-avgust - 3-sentyabr kunlari Buxoro viloyati, Kogon tumanidagi cho'l hududida "Stixiya" elektron musiqa festivali bo'lib o'tdi. 

Tadbirdan asosiy maqsad O’zbekistonda elektron musiqani rivojlantirish va yoshlar turizmi oqimini oshirish barobarida mavjud ekologik muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish hamda yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan. 

Qayd etish lozimki, festival doirasida mahalliy va xorijlik sayyohlar Buxoro viloyatining turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’lishdi. 



"Stixiya"da Germaniya, Polsha, Buyuk Britaniya, Hindiston, Eron, Gruziya, Misr, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya kabi qator  xorijiy davlatlarning elektron musiqachilari va ushbu yo’nalish shaydolari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, festival 3000 dan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlarni birlashtirgan bo‘lib, ulardan 1400 nafari Germaniya, Fransiya, Qozog‘iston va Rossiyadan kelgan.

Tadbirda chiqindilarni noto‘g‘ri joylarga tashlash bilan bog‘liq ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va boshqa jihatlarga alohida e'tibor qaratildi. Shu maqsadda festival tashkilotchilari tomonidan hudud bo‘ylab chiqindi qutilari o‘rnatildi.

Diqqatga sazovor jihatlardan biri shuki, tadbirda tashkil etilgan  "Upcycling" burchagida eski kiyimlarni qayta ishlab tayyorlangan yangi libos va suvenirlar o'rin oldi. “Yolg’iz astronavt”, “Virtual bog’”, “Chiqindi daraxti” kabi turfa xil installyatsiyalar esa ekologik madaniyatni targ’ib qilish va falsafiy mushohadalarga chorladi. 

Bundan tashqari, festival davomida turli millat vakillarining etno-o'yinlari, sport musobaqalari, taom tayyorlash bo’yicha mahorat darslari va boshqa ko'ngilochar dasturlar bo'lib o'tdi.

Ma'lumot uchun, bu galgi "Stixiya" festivali beshinchisi hisoblanadi. 2018-yildan boshlab festivalga Qoraqalpog’iston Respublikasining Mo'ynoq shahri mezbonlik qilib kelgan. Bu orqali  jahon hamjamiyati eʼtiborini ekologiya muammosiga, xususan, Orol dengizi qurishiga qaratish, shuningdek, mamlakatimizda rivojlanayotgan cho‘l turizmi yo‘nalishida sayyohlar oqimini oshirish va mahalliy aholini qo’shimcha daromad bilan ta’minlash maqsad qilingan. 

Sayyohlar festivaldan juda mamnun bo’lishdi va bu kabi tadbirlarda ishtirok etish uchun bajonidil O’zbekistonga kelishlarini ta’kidlashdi. Ular tadbir doirasida Buxoroning Eski shahar qismida bo’lib, tarixiy joylarni tomosha qilish barobarida milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ham xarid qilishdi. Ba’zilari esa Navoiy viloyatidagi To’dako’l hududi atrofidagi turistik maskanlarda bo’lishdi. Bularning bari, shubhasiz, hudud hunarmandlari va tadbirkorlari daromadini oshirishga xizmat qiladi. 

 

Festival Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi, Buxoro va Navoiy viloyatlari hokimliklari ko'magida tashkil etildi.









Foydali manbalar