Seulda Global Yashil oʼsish instituti bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
15.
09. 2023
17:31
2439
Yangiliklar

12-sentabr kuni Koreya Respublikasining Seul shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vaziri oʼrinbosari Jusipbek Kazbekov Global Yashil oʼsish institutining bosh direktori Frenk Raysberman bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida F. Raysberman institut Boshqaruvi raisi Pan Gi Mun O‘zbekistonning 2024-yil bahorida Samarqand shahrida boʼlib oʼtadigan iqlim oʼzgarishi sammitiga taklifini qabul qilganligini taʼkidladi. 

Shuningdek, Koreya Respublikasining ODA fondi ishtirokidagi  "Toshqinlar va qurgʼoqchilik bo‘yicha erta xabardorlik" istiqbolli loyihasi Koreya Parlamenti tomonidan ko‘rib chiqilayotganligi va yakuniy kelishuv bosqichida ekanligi qayd etildi. 

Qolaversa, Global yashil o‘sish instituti bosh direktori Koreya oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlari bilan O‘zbekistondagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʼzgarishini oʼrganish universiteti ("Green University") o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida qoʼshma dasturlar, jumladan, “GGGIning Oʼzbekiston boʼyicha 2021–2025 yillarga moʼljallangan strategiyasi” va “2019–2030-yillar davrida Oʼzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʼtish strategiyasi” doirasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Foydali manbalar