16-sentabr kuni Respublikamizning barcha hududlarida, xususan, Toshkent shahrida “Butunjahon tozalik kuni” tadbirlari o‘tkazildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi, O'zbekiston Volontyorlari assotsiatsiyasi, Sanoat-qurilish bank va "Coca-Cola" kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirlar “UzPlogging” eko-yugurish aksiyasi, “Green” Eco-Games, “Clean games” — Yevroosiyo tozalik kubogi musobaqasi bilan boshlandi.
“Yevroosiyo tozalik kubogi musobaqasi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilmoqda. Bu o‘yinlar Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda nafaqat Toshkentda, balki Toshkent viloyatida ham bo‘lib o‘di, — dedi O‘zbekiston Volontyorlar assotsiatsiyasi direktori Shirin Abidova. — “Clean games” — xalqaro platforma. Yurtimizda bu o‘yin avval ko‘ngillilar o‘rtasida o‘tkazilgan. Lekin rasman xalqaro memorandum asosida ilk bor muhim qadamni qo‘ydik va endi “Yevroosiyo tozalik kubogi” O‘zbekistonda ham o‘tkazilmoqda. Musobaqa, shuningdek, parallel ravishda Buxoroda, bir hafta ichida Sirdaryo viloyati, Samarqand va boshqa viloyatlarda ham tashkil etiladi”.
“Green” Eco-Games o‘yinlarida 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashib, jami 118, 8 qop chiqindi yig‘ildi.
Shulardan:
— aralash chiqindilar 81,5 qop;
— plastik chiqindi 7,8 qop;
— shisha chiqindi 24 qop,
— metall chiqindi 5,5 qopni tashkil qildi.
Yig’ilgan chiqindilar jami 802,25 kilogrammga teng bo‘ldi. Ishtirokchilarga qayta ishlangan plastik chiqindilardan tayyorlangan maxsus medallar topshirildi.
Tadbir davomida, shuningdek, qayta ishlangan chiqindilardan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi, bolalar ishtirokida rasm chizish tanlovi va boshqa tadbirlar ham bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, sohada uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan faxriy va fidoiy xodimlar “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Qolaversa, tadbir davomida 16-sentyabr — Ozon qatlamini muhofaza qilish xalqaro kuni (International Day for the Preservation of the Ozone Layer) munosabati bilan aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida qushlarni asrab-avaylashga qaratib oʻtkazilgan “Ozonni asraylik” tanlovi gʻoliblari ham taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, "Butunjahon tozalik kuni" munosabati bilan O‘zbekistonning barcha hududlarida tadbirlar tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, “Butunjahon tozalik kuni” yurtimizda an’anaviy tarzda har yili sentabr oyining uchinchi shanbasida o‘tkazib kelinadi.