CRIC-21: mahalliy va xalqaro jurnalistlar uchun media-trening o‘tkazilmoqda
11.
11. 2023
12:50
2005
Yangiliklar

10–12-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ko‘magida, BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasiga tayyorgarlik doirasida Samarqanddagi "Silk Road Samarkand" sayyohlik majmuasi kongress markazida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiyadan kelgan jurnalistlar uchun media-trening tashkil etildi. 

Ma’lumot uchun, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish va qurg‘oqchilik oqibatlarini yumshatish bo‘yicha xalqaro darajada davlat va xususiy sektor sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida yaratilgan. Konvensiyada 196 davlat va Yevropa Ittifoqi ishtirokchi hisoblanadi.

Media treningdan bir qator tadbirlar, jumladan, konvensiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha axborot seminari, “Cho‘llanish va qurgʻoqchilikning milliy jihatlari”, “Markaziy Osiyoda choʻllanish va qurgʻoqchilikning mintaqaviy jihatlari” kabi mavzular boʻyicha panel muhokamalari, "Mintaqa va ishtirokchi mamlakatlar kontekstida CRIC ishini ta'kidlashga yondashuvlar" va boshqa tadbirlar oʻrin olgan. 



Panel muhokamasi davomida Ekologiya vazirligi mutaxassisi Sobirjon Umarov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda o‘rmonlarni ko‘paytirish va qayta tiklash borasidagi islohotlarning ekologik muammolar (yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, biologik resurslarni saqlash) kompleks yechimi sifatidagi ahamiyati haqida gapirdi.

Ekologiya va suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha mustaqil ekspert Madina Xolmirzayeva ham panel muhokamalari kun tartibi bilan o‘rtoqlashdi.

“Oʻquv mashgʻulotlarida suv resurslarining hozirgi holati, muammolari texnik, iqlim, geosiyosiy va boshqa oʻzgarishlar bilan bogʻliq boʻlgan materiallar taqdim etildi.Oʻzbekiston hukumati suv resurslaridan foydalanishni yaxshilash boʻyicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, “2030-yilgacha suvni rivojlantirish strategiyasi”ga alohida e’tibor qaratildi. Aytish joizki, respublikada foydalanilayotgan suv resurslarining 80 foizi Markaziy Osiyo mintaqasining qo‘shni davlatlaridan, qolgan 20 foizi esa respublikamizda hosil bo‘ladi, — dedi ekspert. — Suvni tejashga kelsak, 2030-yilgacha sugʻoriladigan yerlarning deyarli yarmida, yaʼni 2 million gektarda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan”.



Treningning ikkinchi kunida ishtirokchilar yerdan foydalanish, qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mahalliy amaliyotlar bilan tanishtirilmoqda, shuningdek, mintaqaviy ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Ta'kidlash joizki, trening ishtirokchilari dalalarga tashrif buyurib, fermerlar bilan muloqot qilmoqda. Fermerlar ularga ekin ekish paytida qo'llayotgan texnologiyalari haqida ma'lumot bermoqda. Ishtirokchilar, ayniqsa, xorijiy OAV vakillari dalalarda kartoshka, bug‘doy, baqlajon, makkajo‘xori kabi mahalliy mahsulotlarni ekishga jarayoniga katta qiziqish bildirishmoqda.


Foydali manbalar