BMTning cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-yig‘ilishi doirasida Ekologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Obijon Qudratov Global ekologik fondning (GEF) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Ulrix Apel bilan uchrashuv o‘tkazdi.
U.Apel O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni va GEFning so‘nggi moliyalashtirish davrlarida ajratilgan grant mablag‘laridan faol foydalanish munosabati bilan erishilgan o‘zaro hamkorlik darajasini yuqori baholadi.
Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda mintaqaviy oʻzaro hamkorlikning faollashuvi va munosabatlarning mustahkamlanishi, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bogʻliq masalalarning transchegaraviy xususiyatini hisobga olgan holda GEF qum-chang bo'ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish sohasida qoʻshma mintaqaviy dastur va tashabbuslar uchun mablagʻ ajratishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, GEF tomoni 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan to‘qqizinchi moliyalashtirish sikli doirasida moliyaviy tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, GEFning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan sakkizinchi moliyalashtirish sikli doirasida O‘zbekiston Respublikasiga 13 million dollar miqdorida grant mablag‘lari ajratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining 11-ilovasiga muvofiq, BMT FAO, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda moliyalashtirishga taqdim etish uchun loyiha taklifining 2 ta konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Uchrashuv yakunida Global ekologik fond ijrochi direktori va raisi 2024-yil 12–17-fevral kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiya (COP-14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishida ishtirok etishi ma'lum bo‘ldi.