Ohangarondagi “Ekologiya bog‘i”da qrim qarag‘ayi ko‘chatlari o‘tqazildi
23.
11. 2023
17:52
1184
Yangiliklar

Toshkent viloyati, Ohangaron tumani "Tangatopdi" qishlogʻidagi “Ekologiya bogʻi”da qrim qarag‘ayi koʻchatlari o‘tqazildi.  Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda vazirlik tizimidagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi xodimlari ishtirok etdi.

“Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 milliondan ortiq manzarali daraxtlar ekilmoqda. Xususan, Ekologiya vazirligi va Senat hamkorligida Ohangarondagi “Tangatopdi” qishlogʻida 15 gektar hududda bogʻ yaratildi, dedi Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisi o'rinbosari Tolibjon Madumarov.Bugun mana shu bog‘da uzoq yillik, iqlimga chidamli daraxtlar ekilyapti. Mazkur jarayonga yoshlarni ham koʻproq jalb qilyapmiz. Maqsadimiz yoshlar ongida ekologik madaniyatni shakllantirishdir”.



Ta'kidlash joizki, “Ekologiya bogʻi”ning maydoni 15 gektarga teng boʻlib, 2023-yil oxiriga qadar 7500 ta qrim qaragʻayi daraxtini ekish rejalashtirilgan. 

"Mazkur hududda 5000 dan ortiq daraxt ko‘chatlari ekildi. Bugungi kunda 1000 dan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilmoqda, — Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nodir Yo‘ldoshev. — Ekilgan ko‘chatlarning qurib qolmasligi, o‘sib borishi Ekologiya vazirligi xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilinadi". 

Bogʻda suvni tejash va samaradorlikka erishish maqsadida tomchilatib sugʻorish usuli yoʻlga qoʻyiladi. Qrim qaragʻayi tanlanishidan maqsad esa bu daraxt doimiy yashil, iqlimga chidamli, moslashuvchandir. 

Ma'lumot uchun, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan va anʼanaga aylangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi yurtimizni yanada koʻkalamzorlashtirish, havodagi karbonat angidridni yutib, kislorod chiqaradigan va bu orqali sizu bizni toza havo bilan taʼminlab beradigan daraxtlarning sonini yanada oshirishda muhim qadam boʻldi.

Foydali manbalar