Markaziy Osiyo davlatlari transchegaraviy biologik xilma-xillikni saqlash masalalarini muhokama qilmoqda
28.
11. 2023
18:23
1662
Yangiliklar

Toshkentda Markaziy Osiyoda transchegaraviy tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy muloqot bo‘lib o‘tmoqda. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlat tashkilotlari, mahalliy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. 

Mintaqaviy muloqot O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN), Jahon banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

“Oʻzbekiston hukumati mintaqaviy transchegaraviy biologik xilma-xillikni saqlash boʻyicha bilim va tajriba almashish imkonini beradigan tadbiriga mezbonlik qilishdan mamnundir, — dedi O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov tadbir ochilishidagi nutqida. — Bu biz uchun Markaziy Osiyodagi umumiy transchegaraviy yo‘laklarda ekologik va iqtisodiy manfaatlardan foydalanish hamda tabiatga bog‘liq turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan umumiy qarashlarni shakllantirish uchun imkoniyatdir”.

Tadbir Jahon bankining Markaziy Osiyo uchun barqaror landshaftlar (RESILAND CA+) dasturi va GIZ tomonidan amalga oshirilayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida tegishli sohalarda hamkorlikni rag‘batlantiradigan uchta mintaqaviy dastur: Yashil Markaziy Osiyo, Markaziy Osiyoda integratsiyalashgan va iqlimga sezgir yerlarni boshqarish (ILUCA) hamda Orolbo‘yi mintaqasining ekologik yoʻnaltirilgan mintaqaviy rivojlantirish (EKO ARAL) dasturlari doirasidagi tadbirlarning bir qismidir.

Ta’kidlash joizki, chegaralar bilan ajratilgan ekotizimlar ko‘pincha turli xil siyosat va boshqaruv tuzilmalariga bo‘ysunadi. Tabiatni transchegaraviy muhofaza qilish ishtirokchi mamlakatlardagi tegishli tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish orqali ushbu farqlarni bartaraf etishning bir usuli hisoblanadi. Muloqot yovvoyi tabiatning gullab-yashnashi va ekotizim xizmatlarining ko‘payishi kabi ekologiyadan tortib, siyosiy hamkorlik, umumiy chegaraga ega mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlik va ijtimoiy rivojlanishga qadar ko‘plab afzalliklarni yaratib beradi.

“Jahon banki Markaziy Osiyo davlatlarining transchegaraviy bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini olqishlaydi. Biz RESILAND CA+ dasturimiz orqali mintaqaviy muloqot va ushbu sohadagi aniq harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Xususan, Bank tomonidan moliyalashtirilgan loyiha Oʻzbekistonning Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan chegarasidagi oltita transchegaraviy yoʻlakda yerlarni qayta tiklash boʻyicha aniq tadbirlarni amalga oshirishga yordam beradi”, – dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakili Marko Mantovanelli.

Transchegaraviy muhofaza qilish qo‘riqlanadigan maydonlarni ko‘paytirish va o‘zaro aloqani yaxshilash orqali ko‘chib yuruvchi turlarning uzoq muddat omon qolishiga yordam beradi. Bu jayron va sayg'oq kabi noyob turlarga boshpana beradigan muhim migratsiya yo‘laklari joylashgan Markaziy Osiyo uchun katta ahamiyatga ega.

“Umumiy qarash, siyosiy yetakchilik va keng jamoatchilik ishtiroki transchegaraviy tabiatni muvaffaqiyatli muhofaza qilishni ta’minlaydi. Bu yil Turon moʻtadil choʻllarining UNESCOning transmilliy Butunjahon tabiiy merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilishi Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish salohiyati ortib borayotganidan dalolatdir. IUCN mintaqadagi mintaqaviy va transchegaraviy tashabbuslarni ilgari surishda barcha darajadagi hamkorlarga yordam berishda davom etadi, — dedi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Boris Erg. — IUCN hozirda G‘arbiy Tyan-Shan tog‘li mintaqasida muvofiqlashtirilgan harakatlar tarafdori bo‘lgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida transchegaraviy hamkorlik doirasini yakunlashni qo‘llab-quvvatlamoqda”.

Ma'lumot uchun, transchegaraviy tabiatni muhofaza qilish dasturlarini boshqarish tashabbusi bilan shug‘ullanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun IUCN Butunjahon muhofaza etiladigan tabiiy hududlar komissiyasi (WCPA) umumiy tamoyillar va eng yaxshi amaliyot tavsiyalari to‘plamini ishlab chiqdi.

IUCN Mintaqaviy muloqoti davomida milliy hokimiyat organlari, mintaqaviy ekspertlar va muhofaza etiladigan hududlar rahbarlari uchun transchegaraviy tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha treninglar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur treninglar IUCN Transchegaraviy tabiatni muhofaza qilish bo'yicha mutaxassislar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan transchegaraviy tabiatni muhofaza qilishni rejalashtiruvchilar uchun tahlil usullarini taqdim etadi. Ushbu usullar transchegaraviy tashabbusni yaratishning maqsadga muvofiqligini baholash va manfaatdor tomonlar manfaatlarini boshqarish strategiyalarini ishlab chiqish, jarayonga xalal berishi mumkin bo'lgan xavflarni kamaytirish va boshqaruv maqsadlari hamda yondashuvlari bo'yicha umumiy xulosalarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Mintaqaviy muloqot 30-noyabrgacha davom etadi.

Foydali manbalar