COP28: “O‘zbekiston” pavilyonida Markaziy Osiyodagi qum va chang bo'ronlari manbalarini xaritalash va xavfni yumshatish masalasi muhokama qilindi
03.
12. 2023
08:50
2271
Yangiliklar

Dubay shahridagi “Dubai Expo” markazidagi "O‘zbekiston" pavilyonida "Markaziy Osiyodagi chang bo'ronlari manbalarini xaritalash va yumshatish" mavzusida tadbir o‘tkazildi.

COP28 — Butunjahon iqlim forumi doirasida tashkil etilgan seminarda BMT Bosh kotibi oʼrinbosari, choʼllanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi ECE/FAO oʻrmon va yogʻoch xoʻjaligi, oʻrmonlar, yer va uy-joy boʻlimi boshligʻi Liliana Annovazzi-Jakab, Finlyandiya meteorologiya instituti direktori Harri Kalevi Pietarila, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Ibrohim Tiau  Samarqandda bo‘lib o‘tgan CRIC21 — BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasiga alohida to‘xtaldi. U sessiya davomida turli dolzarb mavzularni muhokama qilinganini, shuningdek, O‘zbekistonda cho‘llanishga qarshi samarali islohotlar olib borilayotganini ta'kidladi.

"CRIC21" tadbiri doirasida Orol dengizi hududiga borib, u yerdagi holatga guvoh bo‘ldim, — dedi Ibrohim Tiau. — Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish, ekologik holatni yanada yaxshilash borasida cho‘l iqlimiga chidamli ko‘plab o‘simliklar ekilmoqda. Bu esa o‘z navbatida chang va qum bo‘ronlari hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi".  

Aziz Abduhakimov esa qum va chang bo'ronlariga qarshi kurashish uchun barcha darajadagi kompleks harakatlar, yer bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish, ilmiy yondashuv, ilmiy dalillarga tayanish, akademiklar, mutaxassislar va ekspertlarni birlashtirish lozimligini ta’kidladi.

“O‘zbekiston” pavilyonida qum va chang bo‘ronlari muammosiga e’tibor qaratayotganimiz bejizga emas. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun o‘ta muhim mavzu, iqlim o‘zgarishi esa bu ekologik hodisani yanada kuchaytirmoqda, — dedi vazir. — Mamlakat hududining katta qismi dasht va cho'llardan iborat bo'lganligi sababli O'zbekistonning katta hududi chang bo'ronlarining salbiy ta'siriga uchragan. Shu sababli muammoning samarali yechimini topish maqsadida olimlar, mutaxassislarni Toshkentda yangi tashkil etilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Central Asian Green University) negizida birlashtirishni maqsad qilganmiz”.

U qum va chang bo‘ronlarining transchegaraviy tabiatini hal qilish uchun mintaqaviy hamkorlik zarurligi, qulay moliyalashtirish va resurslarni safarbar qilish kerakligini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, qum va chang bo‘ronlari havo va suv sifatiga, salomatlikka va ekotizimga jiddiy zarar yetkazishi, bo‘ronlarni antropogen manbalarining faol nuqtalarini xaritalash orqali aniqlash esa muhim ahamiyatga egaligi, xavf ta'sirini yumshatish uchun birgalikdagi sa'y-harakatlar lozimligi ta’kidlandi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida yong‘in xavfsizligi sharoitlarini prognozlash, erta ogohlantirish va monitoring qilish tizimlari to‘liq ishlab chiqilmagan. Bu esa qum va chang bo‘ronlari kuzatiladigan mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ma'lumotlar almashishni qiyinlashtiradi va ekologik muammolarni yumshatish harakatlariga putur yetkazadi. Tadbirda aynan shu masalaga ham e'tibor qaratildi.

Qolaversa, Liliana Annovazzi-Jakab xonim, janob Harri Kalevi Pietarila, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi “Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi” direktori Baxitjon Habibullayev ham taqdimot o‘tkazdi. Xususan, Baxitjon Habibullayev o‘z taqdimotida Orol dengizining qurigan tubini koʼkalamzorlashtirish borasida qilinayotgan ishlar, bu borada qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik oʼrnatilgani va iqlimga mos oʼsimliklar yetishtirish va boshqa tashabbuslar amalga oshirilayotganligini qayd etdi.

Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyoning 80 foizdan ortigʻini choʻl va dashtlar egallagan boʻlib, ular chang va qum bo‘ronlarining muhim tabiiy manbasi hisoblanadi. Biroq bu landshaftlarda iqlim o'zgarishi va yerdan beqaror foydalanish amaliyoti kuzatilganligi sababli O'rta Osiyoda qum va chang bo‘ronlarining antropogen manbalari uchun sharoitlar paydo bo'lmoqda. Bundan tashqari, Orol dengizining qurishi 100 million tonna chang va zaharli tuz manbayi bo‘lgan 5,5 million gektar sho‘r cho‘lning o‘zlashtirilishiga olib keldi. Hududda melioratsiya ishlari olib borilmoqda, oʻrmonlar maydoni 1,7 million gektarni tashkil etadi.

Foydali manbalar