COP28: iqlim migrantlari soni 2050-yilda 1,2 milliardga yetishi mumkin
04.
12. 2023
14:22
2509
Yangiliklar

Dubaydagi “O‘zbekiston” pavilyonida “Iqlim migrantlari, iqlim xavflari va moslashuv” mavzusida tadbir o‘tkazildi. COP28 — xalqaro iqlim forumi doirasidagi tadbirda O‘zbekiston tomonidan iqlim xavflariga moslashuv va ta’sirlarni yumshatish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar yuqori baholandi.

Tadbirdan maqsad iqlim o‘zgarishi holatida risklar va migratsiya bo‘yicha tajriba almashish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari va tegishli institutlarning manfaatdor tomonlarini birlashtirish, salbiy ta'sirlarni bartaraf etish, muz ko'llarining toshqinlari uchun potentsial xavflarni va ularni kamaytirish strategiyalarini baholashdir.

Tadbirda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha katta maslahatchisi Esra Buttanri, Markaziy Osiyodagi GIZ mintaqaviy loyihalari koordinatori Torsten Brezina, Xalqaro migratsiya tashkilotining (XMT) Migratsiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mintaqaviy mutaxassisi Pablo Eskribano, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Sino Tohirzoda, Ozarbayjon Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vazirligining Iqlim oʻzgarishi va xalqaro hamkorlik boʻlimi katta maslahatchisi Toʻgʻrul Feyziyev va boshqalar ishtirok etdi.

“Iqlim o'zgarishining ta'siri butun dunyo bo'ylab bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Dunyo aholisining deyarli yarmi iqlim va iqlimiy bo‘lmagan omillar tufayli yilning kamida ma’lum bir qismida aholining zaif qatlamlari jiddiy suv tanqisligini boshdan kechiradi, — dedi O‘zbekison Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Ko'p hollarda ular o'z hududlarini tashlab ketishadi. So'nggi tadqiqotlarga ko'ra, iqlim migrantlari soni 2050-yilda 1,2 milliardga yetishi mumkin. Atrof-muhit, rivojlanish va xavfsizlik o'rtasidagi bog'liqlik Markaziy Osiyo respublikalarining mintaqaviy landshaftiga ta'sir qiluvchi asosiy omil hisoblanadi”.

Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, so'nggi 50-60 yil ichida iqlim sharoitining o'zgarishi natijasida Markaziy Osiyoda muzliklar yuzasi 30 foizga qisqardi, bu daryolar va ularning ekotizimlariga bevosita ta'sir ko'rsatdi. Oxirgi bir necha o'n yillikda o'rtacha yillik harorat 1,5 darajaga ko'tarildi va asr oxiriga kelib 2 darajadan 5,7 darajagacha oshishi taxmin qilinmoqda.

Ekologiya vaziri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning COP28 — Butunjahon iqlim sammitidagi ishtiroki va nutqi muhim ahamiyat kasb etishini, bu yurtimizda iqlim va atrof-muhitni asrash ustuvor vazifaga aylanganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston hukumati Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqlim bo‘yicha kun tartibini ustuvor vazifa etib belgilab oldi, — dedi u. — “Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasida Respublika bo‘ylab daraxtlar ekilmoqda. Orolbo‘yida o‘rmon barpo etish kampaniyasi boshlab yuborildi. Qolaversa, iqlim sharoitiga moslashish va ta’sirlarni yumshatish, qayta tiklanadigan energiya, aylanma iqtisodiyot va yashil o'sish tamoyillarini birlashtiruvchi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”.

Aziz Abduhakimov iqlim o‘zgarishi kabi ekologik muammolarni bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilish lozimligini qayd etdi.

Tadbirda o'tgan qishda Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekiston oxirgi o'n yillikdagi eng sovuq qishni boshdan kechirgani, shu bilan birga dunyoning aksariyat mamlakatlarida g'ayritabiiy quruq va issiq harorat kuzatilgani ta'kidlandi. Shu bilan birga, iqlim xavf-xatarlari chegara bilmasligi, ularning oqibatlari bir vaqtning o'zida bir nechta mamlakat va mintaqalarga ta'sir qilishi aytilib, bu muammolar samarali yechimlar topish masalasi muhokama qilindi.

Foydali manbalar