Markaziy Osiyoning uch davlati Xalqaro memorandumga qo‘shildi
11.
02. 2024
16:56
1215
Yangiliklar

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Afrika va Yevroosiyoda ko‘chmanchi yirtqich qushlarni saqlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumiga qo‘shildi.

Memorandum 11-fevral kuni CMS COP14 “Markaziy Osiyoda ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash bo‘yicha transchegaraviy va mintaqaviy hamkorlik” sessiyasi doirasida imzolandi.

Hujjatni O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Qirg‘iziston Respublikasi tabiat resurslari, ekologiya va texnik nazorat vaziri Melis Turg‘unboyev, Qozog‘iston ekologiya va tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari Nurken Sharbievlar imzolashdi.

"Mazkur memorandum ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar oldidagi to‘siqlarni bartaraf etish, ularning bir hududdan boshqa hududga ko‘chib o‘tishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishni ko‘zda tutadi. Bu esa ko‘chmanchi hayvonlarni muhofaza qilish va bu orqali bioxilma-xillikni saqlashga imkon yaratadi.  Qolaversa, Markaziy Osiyo davlatlarining bu boradagi birdamligini mustahkamlaydi", — dedi Aziz Abduhakimov.

Ma’lumot uchun: mazkur memorandum yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq tuzilgan xalqaro shartnomadir. O'zaro anglashuv memorandumini imzolagan davlatlar yirtqich hayvonlar turlarini butun tarqalish zonasida qulay saqlash maqomiga erishish va ularning kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va harakatlarni amalga oshirish majburiyatini oladilar.

Foydali manbalar