Samarqandda O‘zbekistondagi noyob ko‘chmanchi hayvonlar ko‘rgazmasi ochildi
13.
02. 2024
19:42
4109
Yangiliklar

13-fevral kuni Samarqandda, “Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universiteti qoshidagi Art-rezidensiyada “Ko’chib yuruvchi noyob hayvonot olami” nomli rasmlar ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazma Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishiga (CMS COP14) bag‘ishlangan. 

Tadbirda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen, Suvli-botqoqli yerlar bo'yicha Ramsar konvensiyasi Bosh kotibi doktor Musonda Mumba, rassomlar, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Bu ko‘rgazma ko‘chib yuruvchi hayvonlar turlari aks etgan suratlardan iborat. Yosh va iqtidorli rassomlar bir oy davomida turli hayvonlar, qushlarni mahorat bilan aks ettirishgan, — dedi Aziz Abduhakimov. — Suratdagi har bir jonzot atrof-muhitni asrashda, bioxilma-xillikni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega. Maqsadimiz kelajak avlodda tabiatga, hayvonlarga mehr-muhabbat hissini uyg‘otish, ularda tabiatga daxldorlik hissini shakllantirishdir”.

Ko‘rgazmada 2024-yil yanvar oyida Ekologiya vazirligi, Badiiy akademiya va O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi hamkorligida tashkil etilgan plener davomida chizilgan 40 nafar yosh rassomning 100 ga yaqin rasmlari namoyish qilindi.

"Ko‘rgazmadagi g‘ayrioddiy rasmlar meni hayratga soldi. Ularda O‘zbekistonga alohida urg‘u berilgan holda Markaziy Osiyo mintaqasining go‘zalligi mohirona aks ettirilgan. E'tiborli tomoni, bu rasmlarning barchasi o‘z mahoratini namoyish etayotgan yosh rassomlar tomonidan yaratilgan”, — dedi Inger Andersen.

Ma’lumot uchun, Ijodiy plenerdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob ko‘chmanchi jonivorlarga mehr-muhabbat tuyg‘usini kuchaytirish, mamlakatimizning noyob tabiiy merosini namoyish etish, yosh avlodning ekologik madaniyati va ongini yuksaltirishdan iborat.

"Ko‘rgazma konferensiyaga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Suratlar mahorat bilan chizilgani uchun ko‘z oldingizda O‘zbekistondagi ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlarni jonli gavdalantira oladi", — dedi Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi direktori Vasila Fayziyeva.

Ko‘rgazma 29-fevralgacha mahalliy aholi va mehmonlar uchun ochiq bo‘ladi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yaxshi asarlar  hakamlar hay’ati tomonidan tanlab olinadi va ularning mualliflari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Foydali manbalar