IHT turizm poytaxti — Shahrisabzda eko va etnoturizm rivojlanayotganligi ta'kidlandi
01.
05. 2024
00:54
766
Yangiliklar

Shahrisabz shahri 2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining turizm poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Dastlab IHT Bosh kotibi Husrav Nosiri, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev va Shahrisabz hokimi Sherzod Boriyev ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Husrav Nosiri Shahrisabzning turizm salohiyatini yuqori baholagan bo‘lsa, Umid Shadiyev IHT bilan hamkorlik, xususan, Shahrisabzning tashkilotning turizm poytaxtiga aylanishi sayyohlar oqimi oshishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Qolaversa, ekoturizm, etnoturizm va umuman, turizmning barcha turlari ommalashib, rivojlanib borayotganligi qayd etildi.

Maʼlumot uchun, 2022-yil 13-dekabr kuni oʻtkazilgan IHTga (IHT) aʼzo davlatlar turizm vazirlarining IV yigʻilishida Shahrisabz shahriga 2024-yilda IHT turizm poytaxti maqomi berilishi maʼlum qilingan.

Tadbir davomida ishtirokchilar IHTga aʼzo davlatlarning yetakchi rassomlari ishtirokidagi “plener” natijalariga bagʻishlangan koʻrgazmaga tashrif buyurdilar. Ko‘rgazmada Pokiston, Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonlik iqtidorli rassomlarning Toshkent, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixi va bugunini ifodalab beruvchi ijod naʼmunalari bilan tanishdilar.

Shuningdek, IHTga aʼzo davlatlardan tashrif buyurgan mashhur oshpazlar ishtirokida “Shahrisabz pazandachilik bellashuvi” xalqaro gastronomik festivali oʻtkaziladi. Unda 30 dan ortiq oshpazlar oʻz davlatlarining oʻziga xos milliy taomlari bilan qatnashdilar.  Bundan tashqari, IHT Konsultativ kengashini tashkil qilish bo‘yicha maslahatlashuv, “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bo‘ylab chegarasiz turizm” mavzusida plener sessiya hamda B2B uchrashuvlar, IHT davlatlari birinchi xalqaro etnosport o‘yinlari, IHT folklor jamoalari ishtirokida “International folk” festivali o‘tkazildi. “International folk” festivalida har bir davlatning o‘z milliy an’analarini ochib beruvchi sahnalashtirilgan ko‘rgazmali chiqishlar hamda laparlar ijro etildi. 

Ta'kidlash joizki, muhtasham “Oq Saroy” majmuasi bo‘ylab sayohat va u haqdagi ma’lumotlar, qadim va shonli tarix yuqori martabali mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.  

2024-yilda “Shahrisabz — Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” maqomini topshirish marosimi tadbirning eng muhim voqeligiga aylandi. Bu haqdagi sertifikatni IHT Bosh kotibi Husrav Nosiri Shahrisabz hokimi Sherzod Boriyevga topshirdi. Xalqaro tadbir IHT davlatlari yosh dizaynerlari ishtirokidagi “Modest fashion show” liboslar namoyishi va sahnalashtirilgan madaniy konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Foydali manbalar