Navoiy viloyati: 22 may – Xalqaro biologik xilmaxillik kuni
22.
05. 2020
11:25
6373
Yangiliklar

Nabotot va hayvonot olami hayotiy manba hisoblanadi. Ularni asrab-avaylash, kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazish har bir insonning burchidir. Binobarin, 1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Biologik rang-baranglik to‘g‘risidagi Konventsiya qabul qilindi va u bir yil o‘tib, xalqaro hujjat sifatida kuchga kirdi. Ko‘plab muhim vazifalar belgilab berilgan mazkur Konventsiya bugungi kunda dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan. Shu munosabat bilan har yili 22 mayXalqaro biologik xilmaxillik kuni sifatida nishonlanib kelinadi.

Yurtimizda istiqlolning ilk yillaridan boshlab, tabiat muhofazasi, ekologik barqarorlik va bioxilmaxillikni saqlash, qayta tiklashga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Buning uchun zarur tashkiliy-huquqiy hamda institutsional baza yaratildi. Konstitutsiyamizda yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekani, ulardan oqilona foydalanish zarurligi va ular davlat muhofazasida ekanligi mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, sohaga doir bir qator qonunlar qabul qilindi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasiga muvofiq ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilgan «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi Qonun bu boradagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga yana bir turtki berdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ko‘plab xalqaro hujjatlar qatori, BMTning Biologik rang-baranglik to‘g‘risidagi Konventsiyasiga ham qo‘shilgan.

Bugun yurtdoshlarimiz Vatanimizning betakror nabotot va hayvonot olami bilan haqli ravishda faxrlanadi. Diyorimizga tashrif buyuradigan sayyohlar ham yurtimizning azim tog‘lar, cho‘llar, suv havzalari, to‘qayzorlar, bog‘u rog‘lar, boshqa madaniy ekotizimlar, ularda uchrovchi barcha tirik organizmlar majmuidan tarkib topgan bioxilmaxilligi o‘ziga xos hamda noyob ekanligini hamisha e’tirof etadilar.

Ona-tabiatimizni har tomonlama himoya qilish — ekologik barqarorlikni ta’minlashning asosiy shartidir. Shunday ekan, respublikamizda biologik xilmaxillik ob’ektlarini asrab-avaylash o‘simlik va hayvonot dunyosi, ular yashaydigan muhitni kompleks muhofaza qilish, shunga mo‘ljallangan hududlarni kengaytirish, yangilarini bunyod etish va ularning ish samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qancha yumushlar amalga oshirilayapti.

Bu borada hukumatimiz tomonidan Biologik xilmaxillikni saqlab qolish bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasi qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz. Zero, unda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini yangidan tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish, bunday hududlarda faoliyat yuritishning iqtisodiy mexanizmlarini xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda olib borish, bioxilmaxillikni muhofaza qilish va unga ziyon yetkazmasdan foydalanishda keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kabi ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Ularning ijrosi doimiy diqqat-e’tiborda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 15 700 ga yaqin hayvon, 4 500 ta oliy navli o‘simlik turi uchraydi. Muhofaza qilinadigan hududlar ularni saqlash, qayta tiklash va foydalanishda ayni muddaodir. Shuning uchun ham bu kabi makonlarni yanada kengaytirishning ahamiyati katta.

Respublikamizda tabiiy fauna turlarini maxsus ko‘paytirishga ham bioxilmaxillikni ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratiladi. O‘z navbatida, diyorimiz o‘simlik olami noyobligi, shifobaxshligi bilan ajralib turadi.

 

Z.Dushanova,
Navoiy viloyati Ekologiya va atrof muhitni
muhofaza qilish boshqarmasi Axborot xizmati

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar