Qashqadaryo viloyati: Daryo o‘zanlarining o‘zgarishi salbiy oqibatlarga olib keladi?
25.
05. 2020
12:50
5693
Yangiliklar

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, daryo o‘zanlarining qirg‘oq mintaqalaridan noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan qum mahsulotlarining olib ketilishi, daryo o‘zanining o‘zgarib ketishiga, u yerdagi hayvonot va o‘simlik dunyosini qirilib ketishiga olib keladi. Shu bois bunday xatti-harakatlarni amalga oshirish tegishli qonun hujjatlari bilan ta’qiqlanadi va nazorat qilinadi.

Qashqadaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektsiyasi davlat inspektorlari tomonidan joriy yilning 19 may kuni o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirlari davomida bir nechta mana shunday qonun buzilish holatlari aniqlandi.

Xususan, viloyatning Qamashi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosi o‘zani oqim bo‘ylab chap tarafida Davlat ekologik nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi. O‘tkazilgan nazorat reydi davomida Qamashi tumani Chim qishloq fuqarolar yig‘ini hududida fuqaro Jabborov Sobir ismli shaxsning topshirig‘iga asosan ekskavatorni ta’mirlash bahonasida Qamashi tumani Pasttol qishloq fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Eshquvatov Baxtiyorga NOWO rusumli 70 103 UAA va 70 104 UAA davlat raqamli yuk avtomashinalarga daryoning qirg‘oq mintaqasidan qum qazib yuklagan vaqtida to‘xtatilganda yuk avtomashina haydovchilari qonuniy talabga bo‘ysunmasdan holat joyidan ketib qoldi.

Holat joyida ekskavator haydovchisi va ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan shaxslarga ularning bu harakatlari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va qonunosti hujjatlari talablariga zid ekanligi tushuntirildi.

– Fuqaro Sobir Jabborov oldin ham ya’ni o‘tgan 2019 yilda va joriy yilda tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektsiyasi va boshqarma davlat inspektorlari tomonidan bir necha marta ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan noqonuniy ravishda qum qazib, turli transport vositalariga yuklash ishlarini to‘xtatmayapti, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspektsiyasi yetakchi mutaxassisi Sherzod Salomov. – Fuqaro S. va NOWO rusumli 70 103 UAA va 70 104 UAA yuk avtomashinalari haydovchilari hamda ekskavator haydovchisi O‘zbekiston Respublikasi «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 sentyabrdagi «Suv ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 dekabrdagi «Daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi qarorlarida ko‘rsatilgan tartiblarni buzgan.

Shuningdek, tadbir davomida S.Jabborov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi suv ob’ektlarini suvni muhofaza qilish va sanitariya muhofaza zonalarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 dekabrdagi qarori 8-bob, 61-bandida ko‘rsatilgan talablarga zid ravishda suvni muhofaza qilish mintaqasida yashash binolari qurganligi aniqlandi.

Yuqoridagi noqonuniy xatti-harakatlari bilan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan.

Shuningdek, o‘tkazilgan nazorat reydi davomida Qashqadaryo daryosining qirg‘oq mintaqasida davlat raqamsiz GAZ 53 rusumli yuk avtomashinasida fuqaro Mo‘minov Husniddin To‘raqul o‘g‘li va ZIL rusumli 70 U787LA yuk avtomashinasida Norboev Faxriddin Hasanovichlar tomonidan hech qanday hujjatsiz noqonuniy ravishda holat joyidan qochib ketgan shaxsi noma’lum fuqarolarga qum qazib yuklatayotganligi aniqlandi.

Bu to‘g‘risida ham joyning o‘zida tegishlicha hujjatlar rasmiylashtirilib, noqonuniy holat yuzasidan ma’muriy javobgarlikka tortish uchun boshlang‘ich hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shu bilan bir qatorda Qamashi tumani «Chim» QFY hududidan oqib o‘tgan daryo o‘zani va suvni muhofaza qilish mintaqasida sanoat va maishiy chiqindilarni tashlab ketish holatlari aniqlandi. Bu to‘g‘risida tuman hokimligi va «Chim» QFY raisiga amaliy yordam so‘rab qilingan murojaatimiz javobsiz qoldi.

O‘zbekiston Respublikasining «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonunida mahalliy davlat hokimiyati organlarining va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda boshqa tashkilot muassasalarining majburiyatlari va javobgarligi belgilab berilgan bo‘lsada, «Chim» QFY raisi va mahalla faollari bu masalaga panja ortidan qaramoqda.

Davlat mulki hisoblangan daryo o‘zani va qirg‘oq mintaqasidan doimiy ravishda noqonuniy daromad olish uchun bir guruhga birlashgan brokonerlar faoliyatlarini bemalol amalga oshirmoqda.

Bu holatga chek qo‘yish huquqbuzarlarga qonunchilikda belgilangan ta’sir choralarini ko‘rish va aholi o‘rtasida profilaktika ishlarini doimiy ravishda amalga oshirib kelinishiga qaramay ushbu holat hamon davom etib kelmoqda, afsuski.

Sohaga aloqador mutasaddilar bunday salbiy holatlarning oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ta’sirchan choralarni yanada kuchaytiradi degan umiddamiz.

O‘.BAROTOV, O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/darye-zanlarining-zgarishi-salbiy-o-ibatlarga-olib-keladi-25-05-2020

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar