Toshkent viloyati: Daryo va soylar bo‘yidagi noqonuniy qurilmalarga chek qo‘yilmoqda
26.
05. 2020
11:32
5958
Ekanadzor

Yurtimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, shu jumladan, suv ob’ektlarini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, toshqin va sel hodisalarida favqulodda holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Biroq, shunga qaramay, ba’zi bir xonadon egalari tomonidan daryo o‘zanlarining qirg‘oq mintaqalaridan noqonuniy qurilmalar qurish holatlari kuzatilmoqda.

Ayniqsa, yoz chillasida quyoshning issig‘iga dosh berolmaganlar tabiati so‘lim go‘shalardan panoh izlashadi. Masalan, Chorvoq atrofidagi oromgohlar, xususiy dachalar, Ugam daryosi bo‘yidagi pullik tapchanlar bu issiqda ayni muddao joylardir.

Ammo odamning dilini xira qiladigan, ona tabiat in’om etgan go‘zallikni barbod qilib, tabiatga zarar yetkazayotgan shunday qusurlar borki, mulohaza qilishga, fikr yuritishga chorlaydi. Bu noqonuniy qurilmalardir...

Noqonuniy qurilmalar ortidan kelayotgan zararni esa hech bir mezon bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Chirchiq daryosi qirg‘oqlarining katta qismi bugungi kunda Chimyon-Chorvoq kurort zonasiga kiradi va u yerda noqonuniy qurilgan inshootlar ham talaygina. U yerdagi dala hovlilaridan ba’zilarining atrofi shaxsiy sohilga ega bo‘lish maqsadida to‘siqlar bilan berkitilgan. Bu esa qolgan fuqarolarning suvga chiqishiga to‘sqinlik qiladi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida», «Ekologik nazorat to‘g‘risida» va «Suv va suvdan foydalanish» qonunlari asosida Bo‘stonliq turistik zonasida tezkor reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Shundan o‘tkazilgan reyd tadbirlaridan birida 39 ta korxona va 120 dan ortiq xonadon ko‘zdan kechirildi. Ularning barchasiga noqonuniy qurilmalarni olib tashlash bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi hamda tegishli tartibda tushuntirish xatlari olindi. Shu bilan birga, ma’muriy javobgarlikka tortilish bo‘yicha ogohlantirildi.

Suv yoqasida qonun-qoidalarga rioya qilmasdan qurilgan savdo rastalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham boshqa joylarga ko‘chirilmoqda.

O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/darye-va-soylar-b-yidagi-no-onuniy-urilmalarga-chek-yilmo-da-26-05-2020

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar