Surxondaryo viloyati: Somon qoldiqlarini yoqib yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi
26.
05. 2020
18:00
5772
Ekanadzor

Surxondaryo viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imiga puxta hozirlik ko‘rildi. Ha, demay boshoqli donni yig‘ishtirib olish uyushqoqlik bilan boshlanadi.

Pandemiya insoniyatni jiddiy xavotirga solgan sertashvish yilda hosilni yuqori unumdor kombaynlar bilan qisqa vaqtda o‘rib-yanchib, qabul maskanlariga yetkazish uchun 150 ta maxsus otryad tashkil etilib, yetarli ishchi kuchi biriktirildi. Mavsumda 290 ta g‘alla o‘rish kombayni, 1 ming 318 ta don tashish texnikasi, 150 ta ko‘chma ustaxona, 82 ta yoqilg‘i-moylash materiallarini tashish agregatlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Don yetishtirish uchun ob-havo injiq kelgan bu yilgi sharoitda ham vohadagi 2 ming 203 fermer xo‘jaligi 93 ming gektar maydonda g‘allaning hudud iqlimiga mos va ertapishar navlarini parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi. Endigi vazifa mavjud maydonlarda pishib qolgan donni isrof qilmay, qisqa kunlarda yig‘ishtirib olishga qaratilgan. Bu jarayonda dalalarni somondan tozalash, somon poyalari va uning qoldiqlari yoqib yuborilishining oldini olish ham mavsumda ishtirok etuvchi har bir yurtdoshimiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Shu maqsadda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, tuman inspektsiyalari, ichki ishlar idoralari va yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, joylarda hosildan bo‘shagan maydonlarning somon qoldiqlarini tezkorlik bilan yig‘ishtirib olish va yoqib yubormaslik yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Mavsum oldidan fermer xo‘jaligi rahbarlari, mahallalar raislarining o‘z hududidagi g‘alla maydonlarida o‘rim-yig‘imni sifatli tashkil etishi, mavsumga jalb etilgan kombaynchi, traktor va avtomobil haydovchilaridan yong‘in xavfsizligi qoidalari talablariga to‘liq amal qilishi hamda g‘alla maydonlarini yong‘indan saqlash, o‘rilgan maydonlarning somonini yoqib yubormaslik yuzasidan tushunchalar berilib, mas’uliyati oshirilmoqda.

Ma’lumki, g‘alladan bo‘shagan maydonning somon qoldiqlarini yoqib yuborish ekin maydonining tuproq strukturasini keskin o‘zgartiradi. Atrof-muhit musaffoligiga jiddiy zarar yetkazadi. Masalan, 1 gektar maydondagi boshoqli don poyasi yoqilganida atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kilogramm kul, 20 gramm is gazi va uglerod oksidi kabi gaz tashlanadi. Olov taftidan tuproq eroziyasi kuchayib, hosildorlikning jiddiy kamayishiga olib keladi.

Ekin maydonlaridan oqilona foydalanish va tevarak-atrof tozaligini saqlashga alohida e’tibor qaratilayotgan mamlakatimizda somon poyalarini yoqib yuborish holatini sodir etgan shaxslar uchun tegishli javobgarlik belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan «Boshoqli don ekinlari poyasi va somoni yoqib yuborilishi natijasida yetkazilgan zararni aniqlash hamda ushbu holatlarni sodir etgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llash bo‘yicha Nizom»da bu choralar aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Jumladan, bunday noxush holatga yo‘l qo‘ygan yer egalari, mansabdor shaxslar va fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining uch barobaridan o‘n barobarigacha miqdorda jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi.

G‘alla o‘rim-yig‘imi oldidan joylarda ana shular haqida ham atroflicha ma’lumot berilib, mutasaddilar va fuqarolarning nafaqat ekologik balki, sohaga oid huquqiy bilimlari oshirilayotir. Sayyoramizning ko‘plab davlatlarida ekologik tanglik kuzatilayotgan hozirgi davrda o‘zimiz yashayotgan, yaqinlarimiz nafas olayotgan atrof tabiiy muhitni ko‘z qorachig‘idek asrash barchamizning insoniy burchimiz ekani keng tushuntirilmoqda. Bu borada olib borilayotgan barcha ishlarning mavsumni sifatli va belgilangan qatiy qoidalar asosida o‘tkazish, atrof-muhit musaffoligi va ekin maydonlari strukturasini saqlab, kelajakda ham yurtimizni arzon, to‘yimli don mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashga yo‘naltirilgani ahamiyatlidir.
 

Q.BO‘RIEV,
Surxondaryo viloyat ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish boshqarmasi
mas’ul mutaxassisi

Manba: O‘zA - http://uza.uz/oz/society/somon-oldi-larini-ye-...

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar