O‘zbekiston Konstitutsiyasining 55-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik hisoblanib, davlat muhofazasida ekani belgilangan bo‘lsa-da, birgina ko‘zimiz ko‘rib turgan yashil daraxtlarni noqonuniy kesish holatlarini umuman to‘xtatib bo‘lmayapti. Javobgarlik choralari qanchalik kuchaytirilmasin, 2019 yilda respublika bo‘yicha 3 996 ta daraxt kesilib, 7,3 mlrd so‘m zarar yetkazilgan bo‘lsa, 2020 yilning 1 may holatiga, ya’ni to‘rt oy ichida bu ko‘rsatkich 4 758 tani tashkil qilgan.
Xo‘sh, jarimani yanada kuchaytirish bilan bu holatiga chek qo‘yib bo‘larmikan?
Bugun O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan «O‘simlik dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘plab bahs-munozaraga sabab bo‘ldi.
Ma’lumotlarga qaraganda, urush va zo‘ravonliklar, kasallik, ocharchilik va tabiiy ofatlardan ko‘ra, atrof-muhit, suv va havo ifloslanishidan ko‘proq odam nobud bo‘larkan. Jumladan, havo ifloslanishdan o‘lim soni chekish sabab yuz beradigan o‘lim miqdoridan 1,5 barobar, OITS, sil va bezgakdan 3 marta, urush va zo‘ravonliklardan esa 15 baravarga yuqori ekan.
Muhokama qilingan ushbu qonun loyihasini yangi tartibda ishlab chiqishdan maqsad, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida jinoyat va ma’muriy javobgarlikning yangi mexanizmlarini joriy etish orqali o‘simlik dunyosi, xususan, daraxt, butalar va boshqa o‘simliklarni noqonuniy kesish, shikastlantirish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni kuchaytirishdan iboratdir.
Loyihada O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, jismoniy yoki mansabdor shaxslarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishini bartaraf etishda javobgarlik doirasini kengaytirish va kuchaytirish belgilanmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 198-moddasi bo‘yicha birinchi qismining sanktsiyasi «ellik baravarigacha» so‘zlari «ellik baravaridan yuz baravarigacha», ikkinchi qismining sanktsiyasi «ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha» so‘zlari «yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha», uchinchi qismining sanktsiyasi esa «etmish besh baravaridan yuz baravarigacha» so‘zlari «yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha» so‘zlari bilan almashtirilishi belgilanib, javobgarlik choralari ikki baravarga kuchaytirilmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Rossiyada noqonuniy ravishda daraxtlarni kesganlik uchun besh ming rubldan besh million rublgacha jarimaga tortiladi. Belorusda esa jismoniy shaxsga ellik bazaviy miqdorda jarima solinishi belgilangan. Yakka tartibdagi tadbirkor uchun o‘ndan ikki yuzgacha va yuridik shaxslar uchun yigirmadan uch yuzgacha bazaviy hisoblash miqdorida jarima solinadi.
Fraktsiya yig‘ilishida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumki, kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan davlatda inson huquqlari, jumladan, e’tiqod erkinligi huquqi ham kafolatlangan bo‘lishi lozim. Chunki davlat taraqqiyoti va xalq farovonligi nafaqat iqtisodiy va siyosiy, balki ma’naviy hamda diniy omillarga ham bevosita bog‘liqdir. Shu ma’noda, bugun O‘zbekistonda 130 dan ziyod turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodati, rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelmoqda va buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘zga chiqqan deputatlar qayd etganidek, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonun loyihasining qabul qilinishi – ushbu sohadagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash va takomillashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyaga ega hisoblanadi. Loyihani ishlab chiqishda qo‘shni davlatlar, yaqin va uzoq xorijdagi diniy vaziyat, shuningdek, xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniy-tarixiy an’ana va qadriyatlari, qolaversa, xalqaro me’yorlar va talablar, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingan.
Fraktsiya a’zolari partiya maqsad va vaziflaridan kelib chiqqan holda ushbu qonun loyihasi bo‘yicha takliflar berib, fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi va fraktsiya qarorlari qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
Manba: http://parliament.gov.uz/uz/events/fractions/31960/
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati