Tabiatga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan shaxslarga pul mukofoti beriladi
02.
10. 2020
15:53
5884
Ekanadzor

Bu haqida Prezidentning 2020 yil 29 sentyabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

2021 yil 1 yanvardan boshlab:

• aholi tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasining Internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;

• huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15%i miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

• huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida yuborilgan fotosuratlar va videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi;

• huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Joriy yilning yakuniga qadar Internetda aholiga atrof-muhit holati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, bu boradagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan maxsus axborot tizimi paydo bo‘ladi. Har bir xabar berilgan holat bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish tizimi joriy qilinadi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar