Qor qoploni va u yashaydigan hududlarni muhofaza qilish sohasida transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2020 yil 23 oktyabr kuni qor qoploni va u yashaydigan ekotizimlarni saqlash bo‘yicha global dastur Rahbariy Qo‘mitaning 5 - yig‘ilishi o‘tkazildi. Onlayn konfrentsiya shaklida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda shuningdek, ko‘shni respublikalar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekiston, shuningdek, qator xalqaro tashkilotlar - Qor qoplonini saqlash bo‘yicha jamg‘arma, «Pantera» jamg‘armasi va Qor qoploni va u yashaydigan hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha global dastur (GSLEP) vakillari ishtirok etdi.
Qor qoploni O‘zbekistonning yuqori qor tizmalarida yashovchi jonivor bo‘lib, sayyoradagi hayvonot olamining kamyob turlaridan biri hisoblanadi. Insoniyatning xo‘jalik faoliyati natijasida yildan yilga qisqarib bormoqda. Qor qoploni asosan transchegariviy hududlarda ko‘p uchrab, o‘z hayotining turli bosqichlarida qo‘shni davlat chegara hududlarida o‘z yashash joyini almashtirib turadi. Bugungi kunga kelib, hayvonot olamining mazkur noyob turi 12 mamlakat hududida yashaydi. O‘z navbatida mazkur yirtqich jonivorning sonini, tarqalish areallarini hamda populyatsiyasini o‘rganish, brakonerlikka barham berish berish, bu o‘rinda mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, xalqaro xamkorlikning muhim aspektlaridan biri – qor qoploni yashaydigan hududlarni saqlash, muhofaza qilish, tiklash va barqaror foydalanish hisoblanadi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda 2019 — 2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash STRATEGIYaSI qabul qilingan bo‘lib, uning doirasida Biologik xilma-xillikni saqlash bilan bog‘liq masalalarni kompleks hal etish va biologik resurslarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan, landshaft darajasida rejalashtirish usullarini sinovdan o‘tkazish, tegishli qarorlar qabul qilish, bioxilma-xillikning asosiy zonalarini mustahkamlash, G‘arbiy Tyonshon va Pomir-Oloy tog‘ tizmalarida o‘simlik dunyosi va hayvonlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun rag‘batlar yaratish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga Davlat ekologiya qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘armaning hamkorlikdagi «Biologik xilma-xillikning global muhim turlari uchun asosiy tog‘ hududlarida tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o‘rmon ho‘jaligi» loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ilvirs (tog‘ qoploni)ni saqlash dasturi va harakatlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekiston o‘rtasida Tyanshon va Pomir-Oloyda, Markaziy Osiyoda qor qoploni, uning ov qilish ob’ektlari, u yashaydigan ekotizimlarni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilmoqda.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati