Farg‘onaga oftobdan asraydigan daraxtlar ekish kerak
13.
11. 2020
12:19
7305
Yangiliklar

Dilbar tabiati Farg‘onaning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi. Farg‘ona haqida gap ketganda, go‘zal va betakror tabiat manzaralari esga olinadi. Hayotbaxsh islohotlar jarayonida viloyatning bosh kentlari, barcha tumanlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borilib, landshaft arxitekturasi asosida ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar, xiyobonlar, manzarali daraxtlar alleyalari barpo etildi.

Chinorlar viloyatning o‘ziga xos ramzi bo‘lib, birgina Farg‘ona shahrida 60 ming tupdan ziyod ko‘kka bo‘y cho‘zib o‘sgandi. Ayniqsa, yoz saratonida askarlardek bir safda tizilgan chinorlar soya-salqini odamga huzur baxsh etardi. Yangilanishlar jarayonida chinorlar o‘rniga xorijdan noyob manzarali daraxtlar olib kelib ekildi.

Ekolog olimlar, soha mutaxassislari asl tabiat ne’matlaridan bahramand bo‘lish uchun Farg‘onaning barcha shahar-tumanlarida soya-salqin beradigan, mahalliy iqlim sharoitimizga mos daraxtlar ekishni ko‘paytirish zarurligini e’tirof etmoqdalar.

Inson va tabiat taqdiri bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Havo toza, uning tarkibida kislorod miqdori yetarli darajada bo‘lsa, inson uzoq umr ko‘radi. Buning uchun esa muhofazalanadigan tabiiy hududlarni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining bioxilmaxillik va tabiiy hududlar muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Bahrom Rahmonovning qayd etishicha, birgina joriy yilning o‘zida shahar-tumanlarda 73 ming tupdan ziyod manzarali daraxtlar ekish rejalashtirilgan. Bu borada lola daraxti, eman (dub), kashtan, eldor qarag‘ayi, mojevel archasi, Qrim archasi, yapon saforasi, chinor, klyon singari manzarali daraxtlar nihollari ekilyapti.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Har yili erta ko‘klamda viloyatdagi korxona-tashkilotlar, tegishli mutasaddi idoralar, mahallalar, o‘quv yurtlari, oilalar tomonidan turli aktsiyalar, hasharlar o‘tkaziladi. Yangi daraxtlar ekilgani bo‘yicha jimjimador raqamlar keltirilgan hisobotlar tayyorlanadi. Afsuski, bu raqamlarning ko‘pi qog‘ozlarda qolib ketadi. Ekilgan nihollarning aksariyati qarovsizlik tufayli qurib qoladi.

Farg‘onalik tadbirkor Asqar Qodirov yaqinda yaxshi bir tashabbus bilan chiqdi. U o‘z mablag‘i hisobidan Qo‘qon shahri ko‘chalariga 15 ming tup manzarali daraxt ekish niyatida. Hozirda poytaxtdagi Botanika instituti mutaxassislari jalb etilib, xorijdan qanday noyob manzarali daraxtlarni olib kelib ekish mumkinligi bo‘yicha mahalliy tuproq va iqlim sharoiti ilmiy asosda o‘rganilmoqda.

Viloyatning bosh kenti — Farg‘ona shahrining bir paytlar yerga tangadek oftob nurini tushirmaydigan dov-daraxtlar osmonga bo‘y cho‘zgan ko‘chalari tarixga aylandi. Dunyoning turli qit’alaridan olib kelingan manzarali daraxtlar esa hali saraton oftobi, yomg‘ir va qordan asraydigan darajaga yetgani yo‘q. Shahar ahli yozda quyoshdan saqlanish uchun soyabon tutishga odatlandi.

— Sayyoramizda global isish muammosi tufayli dunyoning barcha hududlari, xususan, viloyatimizda ham daraxtlarning issiq-sovuqqa chidamliligi kamayib borayotgani ko‘p kuzatilyapti, — deydi Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi, ekolog olim Nozima Hojibolaeva. — Farg‘ona sharoitida ko‘proq eman ekkan ma’qul. Misol uchun, chinor 30-35 metr, eman esa 50-55 metrgacha o‘sadi. Yapon saforasi, kashtan soya berishidan ko‘ra, tabiat fusunkorligini oshiradi.

Farg‘ona tabiatining o‘ziga xos ramzi bo‘lgan osmono‘par daraxtlar soni va sifatini oshirish, xususan, soya beradigan daraxtlar ekishni ko‘paytirish uchun aniq tizim va reja asosida ish tashkil etish lozim.


Botir MADIYoROV, «Xalq so‘zi»

Manba: http://xs.uz/uzkr/43927

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar