Xalqaro biologik xilma-xillik kunini nishonlash doirasida davra suhbati
22.
05. 2021
10:53
7727
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Xalqaro biologik xilma-xillik kuni doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘rmonchilik davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Fanlar akademiyasi, Turizm va sport vazirligi, Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi hamda OAV vakillari ishtirokida 2019 – 2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash Strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdilar.

Ta’kidlanganidek, 2000 yil 22 may kunidan boshlab jahonning qator mamlakalarida keng nishonlab kelinadi. Mazkur sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1995 yil Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konventsiya a’zo tomonlarining anjumani tavsiyalari asosida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasi ham o‘zining barqaror rivojlanishi uchun bioxilma-xillik resurslari muhimligini tan olgan holda, 1995 yilda ushbu xalqaro konventsiyaga qo‘shildi. Bugungi kunga kelib 196 ta mamlakat mazkur konventsiyani ratifikatsiya qilgan.

Kruglыy stol, 22 maya 2021 god

Kruglыy stol, 22 maya 2021 god

Kruglыy stol, 22 maya 2021 god

Kruglыy stol, 22 maya 2021 god

Texnologiyalar sohasida erishilgan yutuqlarga qaramasdan sayyora aholisi ekotizimlar holatiga bog‘liq. Ichayotgan suvimiz, iste’mol qilayotgan ozuqamiz, nafas olayotgan havoimiz sifati tabiatimiz barqarorligini saqlashga bog‘liq. 2021 yil kun mavzusi «BIZ QARORNING BIR QISMI – WE’RE PART OF THE SOLUTION – MЫ ChAST REShENIYa» bo‘lib, o‘tgan 2020 yildagi kun mavzusining («BARChA MUAMMOLAR YeChIMI TABIATDA!») mantiqiy davomi hisoblanib, atrof muhitni muhofaza qilish hamda u bilan uyg‘un holda yashash bo‘yicha butun dunyo ahaolisi sa’y – harakatlarini birlashtirishga imkon beradi.

Biologik xilma-xillik yoki bioxilma-xillik bu Yer yuzidagi hayot xilma-xilligini tasvirlashda foydalaniladigan atamadir. Bioxilma-xillikka ko‘p holatlarda o‘simlik, hayvonot va mikroorganizimlar xilma-xilligi boyligi nuqtai nazaridan qaraladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 1,75 mln turlar aniqlanib, ko‘p qismini hasharotlar tashkil etadi. Olimlar fikriga ko‘ra, turlarning real soni 13 mln atrofida.

Biologik xilma-xillikning qisqarishi asosan insoniyat faoliyati natijasi bo‘lib, uning qisqarishi iqtisodiy rivojlanishga jiddiy xavfni yuzaga keltiradi. So‘nggi 20 yil ichida qabul qilinayotgan samarali chora-tadbirlarga qaramasdan tabiiy yashash muhitning buzilishi, tabiat resurslaridan xaddan ortiq foydalanish, suv va yerning ifloslanishi bilan bog‘liq omillar natijasida biologik xilma-xillik qisqarib bormoqda. O‘z navbatida ta’kidlash joizki, tabiat resurslari hayotiy ta’minot tizimimizning asosini tashkil etadi. Biologik xilma-xillikni saqlash hamda muhofaza qilish uchun chetga surib bo‘lmas amaliy tadbirlarni amalga oshirish zarur.

Mamlakatimizda biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanishni ta’minlash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va kengaytirish, tabiiy ekologik tizimlarning tanazzulga uchrashi sur’atlarini pasaytirish, hayvonlar va o‘simliklarning kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarini qayta tiklash, bioxilma-xillikni saqlab qolish sohasidagi xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 2019 yilda 2019–2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash Strategiyasi qabul qilindi.

Strategiya doirasida:

– muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar maydonlarini mamlakat hududining 12 foiziga yetkazish;

– Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlashtirish ishlarini olib borish va uning maydonini 1,2 mln gektarga yetkazish;

– Buxoro ixtisoslashtirilgan «Jayron» pitomnigida jayronlar bosh sonini 1000 ga yetkazish;

– davlat qo‘riqxonalaridagi etalon ekotizimlarda bioxilma-xillik komponentlari uchun monitoring olib borishning markaziy bo‘g‘inli yagona tizimini yaratish;

– zamonaviy geoaxborot texnologiyalari (GIS-texnologiyalar) asosida bioxilma-xillikning davlat monitoringi va davlat kadastri yagona axborot ma’lumotlar bazasini yaratish;

– har yili 2 mln gektar maydonda tabiiy yaylovlar va pichanzorlardagi o‘simliklarni geobotanik tekshiruvdan o‘tkazish;

– bioxilma-xillikni saqlab qolish masalalarini iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga integratsiyalashni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonning bioxilma-xilligi hozirgi paytda ma’lum bo‘lgan 27 mingtaga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Ular orasida yuksak o‘simliklar, po‘panaklar, lishayniklar (suv o‘tlari bilan qoplangan zamburug‘lar), qo‘ziqorinlar va suv o‘tlari) umuman olganda 11 mingtaga yaqin turni tashkil etadi, fauna turlari — 15,6 mingta turdan ortiq. O‘zbekiston oliy tomirli o‘simliklari endemizmi qariyb 8%. Qadimdan saqlanib qolgan endemiklar endemik turlar umumiy sonining 10 – 12 foizini tashkil etadi.

Betakror tabiatimiz va undagi bioxilma-xillikni to‘liq muhofaza etish, ularni qayta tiklash va ko‘paytirish ishlari muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida 6 ta davlat qo‘riqxonasi (Chotqol biosfera, Zomin, Nurota, Hisor, Surxon, Qizilqum), 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi (Saygachiy), 6 ta tabiat bog‘i (Zomin, Ugom-Chotqol, Zarafshon, Xorazm, Kitob, Janubiy Ustyurt), 1 ta milliy bog‘ (Do‘rmon), 11 ta tabiat yodgorligi (Vardanzi, Mingbuloq, Chust, Yoz’yovon cho‘li, Akbarobod, Zilxa, Bo‘stonbuva, Yangibozor, Paykent, Varaxsha, Urung‘och), 2 ta biosfera rezervati (Quyi Amudaryo va Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervatlari), 12 ta buyurtma qo‘riqxonasi (Arnasoy, Dengizko‘l, Karakir, Sudoche, Muborak, Oktau, Karnabcho‘l, Qo‘shrabot, Nurobod, Qumsulton, Xadicha, Omonqo‘ton), 1 ta «Jayron» Buxoro ixtisoslashtirilgan pitomnigi mavjud. Ularning umumiy maydoni 3,521 mln gektarni tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 dekabrdagi “Xorazm milliy tabiat bog‘ini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Xorazm milliy tabiat bog‘i tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tabiat bog‘i Amudaryoning chap qirg‘oqida joylashgan o‘rmonzorlarning o‘ziga xos fauna va florasi bilan, noyob to‘qay landshaftlaridagi o‘simlik va hayvonot olami Xorazm vohasidagi biologik xilmaxillikni saqlashda, vohadagi ekologik muvozanatni barqaror ushlab turishda muhim ahamiyatga ega.

Vohada yovvoyi o‘simliklarning 600 dan ziyod turi o‘sadi. Shundan 250 ga yaqin turi qumli zonalarda o‘sadigan o‘simliklardir. Shuningdek, dorivor o‘simliklarning 200 ga yaqin turi uchraydi.

Shuningdek, milliy bog‘ hududida barpo etilgan pitomnikka 4 bosh xongul yoki buxoro bug‘usi saqlash va ko‘paytirish uchun olib kelindi.

Yana bir tashkil etilgan muhofaza etiladigan hududlardan biri bu – «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘idir.

Hududda O‘zbekiston Qizil kitobga kiritilgan 4 ta turdagi o‘simliklar mavjud. Hudud Assake-Audan chuquri, Ustyurt platosining janubiy chinki, Sariqamish ko‘li akvatoriyasi kabi xushmanzara tabiat go‘zalliklarni aks ettiradi.

Shu bilan birga Mo‘ynoq tumanida umumiy maydoni 280 507 gektar bo‘lgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklidagi «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi.

Qo‘riqxonning asosiy maqsadi qirg‘oq landshaftlari, kanallar, kollektorlar va ulardagi suv oqimi, suv atrofida yashovchi qushlar, noyob, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan baliqlar, yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlarni saqlab qolish hamda ularni qayta ko‘paytirishdan iborat.

Ayni damda Sudoche ko‘lini xalqaro ahamiyatga (Ramsar konventsiyasi) ega bo‘lgan suvli-botqoqli hududlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar