Xalqaro hamkorlik aloqalari kengaymoqda
22.
09. 2021
20:00
4566
Yangiliklar

2021 yilning 22 sentyabr kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida Germaniyaning Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha Zukkov fondi (Succov Stiftung) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda, eng avvalo, «Inson va biosfera» dasturi (Man and the Biosphere Programme) doirasida O‘zbekiston Respublikasining Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati YuNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritilishining muhim ahamiyati e’tirof etildi.

Zukkov fondi muhofaza etiladigan hududlar departamenti rahbari Yens Vunderlix Davlat ekologiya qo‘mitasi mutasaddilarini ushbu muvaffaqiyat bilan tabrikladi.

Ma’lumki, 13-17 sentyabr kunlari «Inson va biosfera» dasturi Xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashining 33-sessiyasi Afrika qit’asidagi Abudja shahrida bo‘lib o‘tdi.

YuNESKOning biosfera rezervatlari tarmog‘i dunyoning 131 mamalakatidagi 727 rezervatlarni, shu jumladan 22 transchegaraviy ob’ektlarni o‘z ichiga oladi. Bu esa hozirda yer yuzining 5 foizdan ortig‘ini egallaydi hamda biologik-xilmaxillikni saqlash, ekologik ta’lim, tadqiqot va barqaror rivojlanishni birlashtiradi.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy va Amudaryo tumanlari hududlarida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 68 717,8 gektarni tashkil qiladi. Shundan 11 568,3 gektar qo‘riqxona zonasiga, 6 731,4 gektar bufer zonasiga, 50 418,1 gektar o‘tish zonasiga ajratilgan.

Biosfera rezervatining asosiy vazifasi – landshaftlarini, tuqaylardagi o‘simlik va hayvonot dunyosi turlarini, jumladan, kam uchraydigan va yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlarni biosfera rezervati hududiga xos boshqa tabiat obektlarini saqlab qolish va qayta tiklashdan iborat.

Biosfera rezervatida 419 ta yuksak o‘simlik turlari uchrashi aniqlangan bo‘lib, shundan 2 tur O‘zbekiston Respublikasi «Qizil Kitobi» ga kiritilgan noyob o‘simlik turlari hisoblanadi.

Biosfera rezervati hududida 36 tur sut emizuvchi, 246 tur qushlar, 29 tur sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchi, 43 tur baliqlar sinfiga mansub hayvonlar uchrashi qayd etilgan. Mazkur turlardan 36 tur hayvon O‘zbekiston Respublikasining «Qizil Kitobi»ga, 18 tur esa Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxatiga kiritilgan noyob hayvonlardir.

 

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar