O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi yillarda aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda. Qimmatbaho navli daraxt va butalar kesilishiga moratoriy joriy qilinishi, daraxt kesganlik holatlari uchun jarima va kompensatsiyalar miqdorining oshirilishi shular jumlasidandir.
Biroq, mas’ul tashkilotlarning amalga oshirilayotgan ishlarga sustkashlik bilan yondashishi hamda ayrim shaxslarning o‘simlik dunyosi ob’ektlariga bo‘lgan tajovuzkor harakatlari, shu jumladan, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq holatlar umumekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, investitsion faollik sur’atlarining, jumladan, sanoat ishlab chiqarish, qurilish, urbanizatsiya va bunyodkorlik ko‘lamining keskin kengayishi aholi punktlariga tushayotgan ekologik yuklamani kamaytirish mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Daraxt, butalar va yashil hududlarni muhofaza qilish hamda ularning maydonlarini kengaytirish, ushbu sohada mas’ul tashkilotlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5863-son farmonida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilsin:
daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish;
ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish hamda buning natijasida hududlar kesimida respublika xaritasini ishlab chiqish;
ko‘chatxonalar sonini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish;
hududlarda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish;
daraxtlarni sug‘orish tizimini qayta ko‘rib chiqish, uning samarali faoliyatini ta’minlash;
har bir daraxtni parvarish qilish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarni belgilash, bu borada rag‘batlantirish mexanizmlarini keng joriy etish;
daraxtlarni shikastlantirish va nobud qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini yanada oshirish.
2. Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilsin.
Belgilansinki, moratoriy davrida amaldagi cheklov va majburiyatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda:
a) huquqbuzarlarga:
moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga;
daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan o‘simlik dunyosiga etkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi;
b) moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi darajasi (reyting bahosi) bir pog‘ona pasaytiriladi. Bunda:
darajasi (reyting bahosi) bir pog‘ona pasaytirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil mobaynida darajasini (reyting bahosini) ko‘tarish imkonidan mahrum bo‘ladi;
darajasini (reyting bahosini) bir pog‘onaga pasaytirish imkoni bo‘lmagan qurilish-pudrat tashkilotlari bir yil muddatga qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingidan to‘liq chiqarib tashlanadi;
v) yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno);
g) davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.
3. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat ekologiya qo‘mitasi) uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun loyiha institutlarining javobgarligini belgilash;
daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikast yetkazganlik, boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik hamda parvarish qilmaslik oqibatida ularning qurib qolishi uchun javobgarlikni kuchaytirish.
4. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bunda, huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan so‘ng kelib tushgan xabarlar bo‘yicha rag‘batlantirish amalga oshirilmaydi;
rag‘batlantirish huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi;
huquqbuzarlik holati bo‘yicha fotosurat, videoyozuv va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
rag‘batlantirish mablag‘lari undiriladigan jarimalarning tegishli organlar hisobida qoldiriladigan qismidan qoplab beriladi.
5. Belgilansinki, huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar “102” tezkor qisqa raqami yoki “Ekonazorat” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat ekologik nazoratining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Davlat ekologiya qo‘mitasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar quyidagilar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Yashil makon” platformasini ishga tushirsin:
hududlarning tuproq-iqlim xususiyatlari, ularda mavjud daraxtlar soni, turi va joylashuvi, shaharlarning ko‘kalamzorlashtirilganlik darajasi;
aniq hudud (tuman (shahar), mahalla va yer uchastkasi) kesimida aholining shaxsiy tashabbusi asosida daraxtlar ekilishi mumkin bo‘lgan manzillar va daraxtlarning turlari;
aniq hudud va har bir daraxt kesimida daraxtlarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish uchun berilgan ruxsatnomalar;
aniq hudud va har bir daraxt kesimida daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish va ko‘chirish bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar va ular bo‘yicha ko‘rilgan choralar.
7. Quyidagilar:
2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “yashil bog‘lar”ni barpo etish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yangi hamda madaniyat va istirohat bog‘lari negizida tashkil etilayotgan “yashil jamoat parklari” ro‘yxatlari 2a va 2b-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
8. Belgilab qo‘yilsinki:
a) “yashil bog‘lar” shaharlar va boshqa aholi punktlarida daraxtzor va butazorlarni barpo etish, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, parvarish qilish, muhofaza qilish hamda ularning mahsuldorligini oshirishga xizmat qiladi;
b) “yashil jamoat parklari” idoraviy mansubligidan qat’i nazar, bino, inshootlar, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish ob’ektlari, shu jumladan, attraktsionlar qurilishi taqiqlangan hamda aholi sayil qilishiga mo‘ljallangan daraxtzor va butazorlardan iborat bo‘ladi;
v) quyidagi tadbirlarni moliyalashtirish Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi:
“Yashil makon” platformasini yaratish va faoliyatini ta’minlash;
daraxtlarni biriktirish, xususan tegishli ko‘chirmalar berish;
g) “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari, homiylik va grant mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
d) “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” joylashgan er uchastkalari:
ularning mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari tasarrufida bo‘ladi;
ularning mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari va ijarachilari belgilanmagan bo‘lsa, “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” ulardan foydalanuvchi yoki ularga xizmat ko‘rsatuvchi tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi;
e) tumanlar (shaharlar) markaziy ko‘chalarini ko‘kalamzorlashtirishda:
ekiladigan daraxt va buta ko‘chatlarining ko‘karuvchanligini ta’minlash uchun sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan yerlarga hamda yoshi 5 yildan kam bo‘lgan ko‘chatlarning ekilishi taqiqlanadi;
bir turdagi daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqali “kashtan ko‘chasi”, “chinor ko‘chasi” kabi namunaviy ko‘chalarning tashkil etilishiga ustuvor e’tibor qaratiladi;
j) 2022 yil 1 martdan boshlab daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha miqdordagi mablag‘lar ajratiladi.
9. Mahalliy davlat hokimiyati organlari Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda:
har yili kuz va bahor mavsumlarida ko‘chat ekish va saqlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha “yashil haftalik” tadbirlari o‘tkazib borilishini ta’minlasin;
televidenie va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalangan holda, yoshlar va boshqa ko‘ngillilarni daraxt ekish, parvarishlash ishlariga faol jalb qilish tadbirlarini tashkil qilsin.
10. Belgilansinki:
“yashil haftalik” tadbirlarida bajariladigan barcha ishlar va o‘tkaziladigan tadbirlar ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan aholiga bepul ko‘chat tarqatish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga ko‘chatlar yetkazib beradi hamda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ga daraxt ekish maqsadida kelgan fuqarolarni ko‘chat ekish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlaydi;
ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan shaxslarni Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amaliyoti joriy etiladi.
11. Barcha tumanlarda (shaharlarda) tuman (shahar) hokimi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i, irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i, qurilish bo‘limi boshlig‘i va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘idan iborat namunaviy tarkibda irrigatsiya va sug‘orish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilsin.
Ishchi guruhlar ikki oy muddatda tumanlar (shaharlar) markazlarida obodonlashtirish ob’ektlarining sug‘orish tizimlarini, shu jumladan, ariqlar, nasoslar, quduqlar, sug‘orish quvurlari va yer osti suv chiqarish quduqlarini xatlovdan o‘tkazib, ularni joriy ta’mirlash, qayta tiklash va tozalash choralarini ko‘rsin.
12. Quyidagilar:
2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi ko‘kalamzorlashtirish hududlariga sug‘orish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish bo‘yicha dastur 3-ilovaga muvofiq;
2022-2026 yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnika va mexanizmlar bilan jihozlash parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda, mazkur maxsus texnika va mexanizmlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 iyundagi PQ-4351-son qarori bilan tasdiqlangan 2020-2024 yillar davrida tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnika va mexanizmlar bilan jihozlashning yig‘ma parametrlariga qo‘shimcha ravishda ajratiladi.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatovga, zarur hollarda, mazkur band bilan tasdiqlangan ilovalarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan takliflariga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
Mazkur bandda belgilangan tadbirlar 2022 yilda respublika byudjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti va viloyatlar mahalliy byudjetlariga ajratiladigan ssuda mablag‘lari hisobidan, 2023 yildan boshlab mahalliy byudjetlar hisobidan amalga oshiriladi.
13. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining quyidagi takliflari qo‘llab-quvvatlansin:
aholi punktlarida qarovsiz qolgan daraxtlarni saqlash va parvarish qilish hamda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni ko‘kalamzorlashtirish, shu jumladan, ularning hududida daraxtlarni ekish, saqlash va parvarish qilish ishlariga ishsiz shaxslarni, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni faol jalb qilish;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan tuman (shahar) hokimliklari buyurtmalariga muvofiq har yili kuz va bahor mavsumlarida ko‘chat ekish tadbirlarini moliyalashtirish.
14. 2022 yil 1 martdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
o‘simliklar dunyosi ob’ektlari davlat kadastri tarkibida respublikaning barcha hududlaridagi va har qanday turdagi daraxtlarning hisobini yuritish hamda ularni biriktirish uchun “Daraxtlar reestri” tizimi joriy etiladi;
yuridik shaxslar – aholi punktidagi binolar va inshootlarning mulkdorlari yoki ulardan foydalanuvchilar, shu jumladan, ijaraga oluvchilar o‘ziga biriktirilgan daraxtlarni saqlash va parvarish qilish uchun mas’ul hisoblanadi;
har bir yuridik shaxs – aholi punktidagi binolar va inshootlarning mulkdori yoki ulardan foydalanuvchiga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organi tomonidan tutash hududlardan kelib chiqqan holda unga biriktiriladigan barcha daraxtlar bo‘yicha “Daraxtlar reestri”dan yagona ko‘chirma beriladi;
tutash hududlardagi biriktirilgan daraxtlar bo‘yicha “Daraxtlar reestri”dan ko‘chirma mazkur daraxtlar va ular joylashgan er uchastkalariga nisbatan hech qanday huquqni keltirib chiqarmaydi.
15. Davlat ekologiya qo‘mitasi:
a) respublikadagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarning to‘liq raqamlashtirish yo‘li bilan xatlovdan o‘tkazilishini quyidagi tartibda ta’minlasin:
2023 yil 1 martga qadar – Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari bo‘yicha;
2023 yil 1 sentyabrga qadar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlari bo‘yicha.
Bunda, Davlat ekologiya qo‘mitasiga uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dronlardan) foydalanish va ularni to‘lovsiz uchirish huquqi beriladi;
b) yuridik shaxslar – aholi punktidagi binolar va inshootlarning mulkdorlari yoki ulardan foydalanuvchilarga tutash hududlardagi biriktirilgan daraxtlar bo‘yicha “Daraxtlar reestri”dan ko‘chirmalar berilishini quyidagi tartibda ta’minlasin:
2023 yil 1 sentyabrga qadar – Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari bo‘yicha;
2024 yil 1 martga qadar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlar bo‘yicha;
v) Kadastr agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda aholi punktidagi binolar va inshootlarning mulkdorlari yoki ulardan foydalanuvchilarga tutash hududlardan kelib chiqqan holda daraxtlarni biriktirish va “Daraxtlar reestri”dan ko‘chirma berish tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
g) har yili kamida bir marotaba yangi ekilgan daraxtlarni biriktirish bo‘yicha qo‘shimcha xatlovlarni amalga oshirsin va “Daraxtlar reestri”dan ko‘chirmalar berib borilishini ta’minlasin.
16. Barcha davlat organlari va tashkilotlari:
uch oy muddatda o‘z hududlaridagi daraxtlar soni va turi haqida ma’lumotlarni Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan shakl asosida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlariga taqdim etsin;
har chorakda bir marta, hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar o‘zlari tomonidan yangi ekilgan daraxtlar soni va turi bo‘yicha ma’lumotlarni Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalariga majburiy tartibda taqdim etib borsin.
17. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2023 yil 1 sentyabrga qadar davlat o‘rmon fondiga kiradigan daraxtlar to‘liq raqamlashtirish yo‘li bilan xatlovdan o‘tkazilishini ta’minlasin hamda xatlov natijalarini “Daraxtlar reestri” tizimiga kiritish uchun Davlat ekologiya qo‘mitasiga taqdim etsin. Bunda, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dronlardan) foydalanish va ularni to‘lovsiz uchirish huquqi beriladi.
18. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida xo‘jalik hisobidagi “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy korxonalari tashkil etilsin.
Quyidagilar “Yashil hudud” davlat unitar korxonasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
manzarali daraxt va butalar ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ko‘chatxonalarni tashkil etish;
respublikada “yashil bog‘lar”ni ko‘paytirish;
suv tejaydigan texnologiyalarni qo‘llagan holda sug‘orish ishlarini amalga oshirish;
daraxtzorlarni parvarish qilish va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlarini olib borish;
jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish.
19. Ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish hamda “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi markaziy apparatida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari – “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi direktori lavozimi va 5 nafar shtat birligidan iborat Yashil hududlarni rivojlantirish boshqarmasi tashkil etilsin.
20. Mazkur farmonga 1-ilovaga asosan “yashil bog‘lar”ni tashkil etish ishlari bo‘yicha:
loyihachi etib – “O‘rmonloyiha” loyihalash instituti;
pudratchi etib – “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi va uning hududiy korxonalari belgilansin.
21. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi:
bir oy muddatda “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi va uning hududiy korxonalari ustavlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin;
doimiy asosda “Yashil hudud” davlat unitar korxonasining buyurtmalariga muvofiq shartnoma asosida o‘z tizimidagi o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan manzarali daraxt va butalarning yuqori sifatli ko‘chatlari yetkazib berilishini ta’minlasin;
ikki oy muddatda O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasining qo‘shimcha daromadlarini jalb qilish hamda qo‘shimcha manbalardan kelib tushadigan mablag‘larni hududlarda “Yashil bog‘lar” barpo etishga yo‘naltirish bo‘yicha asosli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
22. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga ikki hafta muddatda umumiy maydonining 60 foizida ko‘kalamzorlashtirish ob’ektlari mavjud bo‘lgan istirohat bog‘lari, parklar va tematik xiyobonlarga hamda ularni ishonchli boshqaruv va ijaraga olgan, investitsion majburiyatlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirib borayotgan va soliq qarzdorligi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarga nisbatan ushbu faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i stavkalariga kamaytiruvchi koeffitsientlarni qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish uchun kiritsin.
23. Mazkur farmonga 22-bandda nazarda tutilgan sub’ektlar uchun Soliq kodeksining 414 va 428-moddalariga asosan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
24. Toshkent shahar hokimligi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi keng jamoatchilik, ilmiy-tadqiqot institutlari va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda:
a) 2022 yil 1 mayga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi “Toshkent shahri – yashil maydon” g‘oyasini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
2026 yilga qadar Toshkent shahrida ko‘kalamzorlashtirish maydonlarini xalqaro standartlarga muvofiq kengaytirish hamda uni dunyoning etakchi yashil shaharlaridan biriga aylantirish;
bioxilma-xillikni asrash, tiklash va ko‘paytirishning aniq tizimini yaratish;
ko‘kalamzorlashtirish yuzasidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha institutsional bazani, shu jumladan, alohida tuzilmalarni (loyiha ofislarini) shakllantirish;
aholining ko‘kalamzorlashtirish ishlaridagi faoliyatini rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish;
2022-2026 yillarda Toshkent shahrini ko‘kalamzorlashtirish dasturini tasdiqlash;
b) 2022 yil 1 sentyabrga qadar Toshkent shahrini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha bosh rejani ishlab chiqsin va uning belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.
25. Yashil hududlarni rivojlantirish, ko‘kalamzorlashtirish va ko‘chat ekish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
26. Oliy Majlis palatalariga Davlat ekologiya qo‘mitasining axboroti asosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi yuzasidan hudud rahbarlari faoliyatiga baho berib borish tavsiya etilsin.
27. Davlat ekologiya qo‘mitasi ikki oy muddatda:
davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
28. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda ushbu farmonning ahamiyatini va uni amalga oshirish jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
29. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV
Toshkent shahri,
2021 yil 30 dekabr
Manba: https://uza.uz/uz/posts/respublikada-...