Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati faoliyati dunyo nigohida
23.
01. 2022
13:13
4740
Yangiliklar

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Amudaryo quyi oqimining shimoliy qismida, Orol dengizining sobiq sohili janubi-sharqida joylashgan.

Bu Markaziy Osiyodagi eng yirik tabiiy to‘qaylardan biri bo‘lib, u global nuqtai nazardan yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan noyob ekotizimdir.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati direktori Oybek Matkarimovning ta’kidlashicha, bu hudud o‘simliklar va hayvonlarning muhim yashash joyi bo‘lib, o‘rta Osiyoning cho‘l mintaqalarida eng yuqori biologik xilmaxilligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan Buxoro bug‘ularining (Cervus hanglu bactrianus) qo‘riqlanadigan tabiiy yashash joyidir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2011 yilda tashkil qilingan Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy va Amudaryo tumanlari hududlarida joylashgan bo‘lib umumiy maydoni 6 8717,8 gektarni tashkil qiladi. Shundan, 11 568,3 gektar qo‘riqxona zonasiga, 6 731,4 gektar bufer zonasi, 5 0418,1 gektar oraliq zonaga kiritilgan.

Qo‘riqxona zonasi 11 568,3 gektardan iborat bo‘lib, u qat’iy rejimdagi muhofazalanadigan zona hisoblanadi. Ushbu zona tabiat ob’ektlari va komplekslarini to‘liq saqlab qolish, ilmiy tadqiqotlar va monitoring olib borish uchun mo‘ljallangan. Qo‘riqxona zonasi hududida, qonun hujjatlariga muvofiq davlat qo‘riqxonalari rejimi o‘rnatilgan va ushbu hududda har qanday turdagi xo‘jalik faoliyati olib borish taqiqlangan. Hozirgi kunda biosfera rezervatida jami 32 nafar xodim ish olib bormoqda,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 martdagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati O‘rmon ho‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazildi.

2019 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, Termiz davlat universiteti, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetlari bilan birgalikda tadqiqotlar olib borish maqsadida ikki tomonlama shartnomalar tuzildi.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida o‘simliklarning 419 turidan 2 turi, hayvonlarning 36 turidan 1 turi, baliqlarning 43 turidan 12 turi, qushlarning 246 turidan 23 turi Qizil kitobga kiritilgan. Undan tashqari hashoratlarning 1 124 turi uchraydi.

Hozirgi kunda xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb qilish, ularga zamonaviy xizmat ko‘rsatish maqsadida, rezervatning eski ma’muriy binosi yonidan 2 qavatdan iborat bo‘lgan “Tashrif markazi” binosi qurilmoqda. Qurilish ishlariga davlat tomonidan 7 mlrd 30 mln so‘m mablag‘ ajratilgan bulib, “Tashrif markazida” sayyohlar uchun tabiat muzeyi, kafe va mehmonxona nazarda tutilgan. “Tashrif markazi” yonidan 2 gektar ep maydonida Buxoro bug‘ulari uchun zamonaviy parvarishxona (voler) tashkillashtirilmoqda. Unda sayyohlarning bug‘ularni tomosha qilish maydonchasi va balandligi 20 metrlik minoralar qurilishi rejalashtirilgan.

O‘tgan yil 13-17 sentyabr kunlari Afrika qit’asidagi Abudja shahrida bo‘lib o‘tgan «Inson va biosfera» dasturi Xalqaro muvofiqlashtiruvchi kengashining 33-sessiyasida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati YuNESKOning «Inson va biosfera» dasturi doirasida butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritildi. Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati bilan bir qatorda tarmoqqa 21 mamlakatdan 20 ta yangi ob’ekt kiritilgan. Shunday qilib, tarmoq dunyoning 131 mamlakatidagi 727 ta rezervatni, shu jumladan 22 ta transchegaraviy ob’ektni o‘z ichiga oladi. «YuNESKOning biosfera qo‘riqxonalari hozirda quruqlikning 5 foizidan ko‘prog‘ini egallaydi va ularning hududida biologik xilma-xillikni saqlash, ekologik ta’lim, tadqiqotlar va barqaror rivojlanishni birlashtiradi.

E.Qanoatov, O‘zA

Manba: http://uza.uz/posts/339801

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar