Suv qushlari sanoqdan o‘tkazilmoqda
25.
01. 2022
21:30
5351
Tadbirlar

Ma’lumki, qushlar fasllarga qarab o‘zlarining yashash sharoitini o‘zgartirib boradi. Bu jarayon ayniqsa, qish-bahor oylarida mavsumiylik kasb etadi. Aytish lozim, yurtimiz hududlariga ham turli qushlar qishlash uchun uchib keladi.

Ularning yashash tarzi, turlarini o‘rganish, sonini aniqlash biologik xilma-xillikni saqlash va ilmiy kuzatishlar olib borishda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 iyundagi «2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash Strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»dagi qarori ijrosidan kelib chiqib, Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan tegishli ilmiy muassasalar va oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda suv qushlarining qishki sanog‘ini o‘tkazish chora-tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, shu kunlarda Qo‘mita huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti mutaxassislari hamkorligida mamlakatimiz suv havzalari bo‘ylab qishlovchi qushlarning joriy yilgi qishki sanog‘i o‘tkazilayapdi.

Dastlabki sanoq ishlari Qashqadaryo viloyatida joylashgan «Tolimarjon», «Nog‘ayli», «Qamashi», «Chimqo‘rg‘on», «Qorabog‘» suv omborlari va «Sechan ko‘l», «Achin ko‘l» kabi tabiiy suv havzalarida amalga oshirildi. O‘rganishlar davomida ushbu suv havzalarida noyob, mavsumiy va doimiy yashaydigan qushlarning 100 dan ortiq turi aniqlandi.

Endilikda reja bo‘yicha ilmiy jamoa Surxondaryo viloyatidagi Amudaryo sohillari va «Janubiy Surxon», «Uchqizil», «Oqtepa» suv havzalarida qishlovchi qushlar sanog‘ini o‘tkazish amaliyotini boshlashdi. Bu hududlarda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan kulrang turna, noyob tur hisoblangan Sibir turnasi, shuningdek, oq peshonali va kulrang g‘oz uchun qishlov joyi hisoblanadi.

Suv qushlari

Suv qushlari

Suv qushlari

Suv qushlari


Salimjon BO‘RIEV,
Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish
texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori,
qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi

Manba: https://yuz.uz/news/suv-qushlari-...

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar